Yoshlarga e’tiborni kuchaytirish zarur
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev viloyat huquq-tartibot idoralari hamda tuman va shaharlar mas’ullari ishtirokida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining oldini olish masalalarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, yakuniga yetayotgan yilning 11 oyida viloyatda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 29,6 foizi, ya’ni 1556 tasi yoshlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan yilning shu davriga solishtirganda yoshlar jinoyatchiligi 19 foiz (247 ta)ga ko‘paygan. Jinoyatlar turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, eng ko‘pi o‘g‘irlikka to‘g‘ri keldi. Ya’ni 11 oyda yoshlar tomonidan 171 marotaba o‘g‘irlik jinoyati sodir etilgan. Shuningdek, firibgarlik (168 ta), tan jarohati yetkazish (157 ta) jinoyatlari ham ko‘p qayd etilgan.
– Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, qayerda yoshlar bandligiga, bo‘sh vaqtini foydali mashg‘ulotlar bilan o‘tkazishiga e’tibor qaratilmagan bo‘lsa, o‘sha joyda jinoyat, huquqbuzarliklar qayd etilmoqda, – dedi A.Boboyev. – Ko‘p salbiy illatlar, aslida ishsizlikdan, bo‘sh vaqtdan samarali foydalanmaslik oqibatida kelib chiqyapti. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlarning yetarli darajada olib borilmayotgani, “mahalla yettiligi” hamjihat bo‘lib ishlamayotgani ham jinoyatchilik ko‘rsatkichlari oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli har bir sektor rahbari, mahallalarning statistik raqamlari tahlillaridan xulosa qilib, ish faoliyatini qayta ko‘rib chiqishi kerak.

Tadbirda mas’ullarning hisobotlari ham tinglandi. Jumladan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi va boshqa idoralar tomonidan otaliqqa olingan yoshlar o‘rtasida huquqiy savodxonlik va qonunga itoatkorlik hissini oshirishga qaratilgan maxsus huquqiy profilaktik tadbirlar, turli tanlov va musobaqalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Yoshlar bilan o‘tkazilgan yakka tartibdagi suhbatlarda 5011 nafar yoshda ijtimoiy va maishiy muammolar borligi aniqlanib, 3592 nafarining muammolari hal etilgan. Bunday profilaktik ishlarni yanada jonlantirish, har bir mahallani, ayniqsa, og‘ir toifadagi mahallalarni qamrab olish zarurligi qayd etildi.
Muhokama davomida rahbarlarning o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan ishlash borasidagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar belgilab berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri