Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari
Har qanday davlatning ertangi kuni, kelajagi bugungi yoshlarga, ularning bilim va tafakkuriga, ilmiy salohiyatiga bog‘liq. Binobarin, ayni kunlarda maktab partasida o‘tirgan, texnikum yoki oliygohda o‘qiyotgan, ustozidan hunar o‘rganayotgan navqiron yigit-qizlar ertaga o‘z kasbining egasi, yetuk kadrlar bo‘lib yetishadi, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan avlodga aylanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlarda faol qatnashayotgan, bemisl o‘zgarishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib-bilib ulg‘ayayotgan yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Aholisining yarmidan ko‘pini aynan yoshlar tashkil etadigan yurtimizda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yetti yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz berilgani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar bilan ishlashda yangi tizim yaratildi, har bir yosh bugun uning samarasini o‘zining hayoti misolida yaqqol sezmoqda.

Ta’kidlash kerakki, sohada amalga oshirilayotgan barcha ishlarning bosh maqsadi – yurtimiz yoshlarini ma’rifatli qilish, ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat.
Farg‘ona viloyati misolida oladigan bo‘lsak, viloyat aholisining 1 millionga yaqinini 14-30 yoshdagilar tashkil etadi. Ularning har biri davlatimiz e’tiborini his etishi, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan eng quyi bo‘g‘in – mahallada yoshlar bilan ishlashga e’tibor qaratilib, ular bilan individual ishlash, e’tiborga muhtoj yoshlarning muammolarini bartaraf etish, ularning bandligini ta’minlashga asosiy vazifa sifatida qaralmoqda. “Og‘ir” toifadagi yoshlar biriktirilayotgan rahbarlarga mahallalardagi iste’dodli va iqtidorli yoshlarni ham nomma-nom biriktirish amaliyoti joriy etilmoqda.
Joriy yil boshida Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, huquq-tartibot va mudofaa organlariga yoshlarni biriktirish, ularni otaliqqa olish hamda yoshlar bilan manzilli ishlash tizimini tashkil etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Shunga asosan viloyat bo‘yicha 325 ming nafar yoshlar huquq-tartibot va mudofaa organlari hamda ularning quyi bo‘linmalari xodimlariga taqsimlanib, shaxsan otaliqqa olinishi va kafil bo‘lishi orqali ularda vatanparvarlik, jamiyat hayotiga daxldorlik va qonunlarga hurmat kabi ezgu tuyg‘ular shakllantirilishiga erishilmoqda.

Farg‘ona davlat universitetida bugungi kunda 30 ming nafardan ortiq talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida ta’lim tizimidagi islohotlar ham dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, sifatli ta’limni ta’minlash va talaba-yoshlar uchun munosib sharoitni yaratish – oliy ta’lim muassasalarining eng asosiy vazifalariga aylandi. O‘tgan yilda universitetda davlat xususiy sherikchilik asosida 804 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Talabalarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Umuman, yoshlarimizni ma’naviy-axloqiy kamol toptirish, ma’rifatli qilish, ularning ertaga yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari yo‘lida hali qilinadigan ishlar bisyor. Ularni tizimli ravishda amalga oshirish, yutuqlar sonini ko‘paytirib, muammoli holatlarni kamaytirish mutasaddilardan tortib, o‘zini mana shu yurt farzandiman degan har bir fuqaroning sharafli burchi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, jannatmakon vatanimiz jamoli bugun kechagidan go‘zalroq, xalqimiz turmushi ertaga bugungidan obod va farovon bo‘lishi aynan shu borada qanchalik ter to‘kishimiz, jon kuydirishimizga bog‘liq.
Azizbek G‘ofurov,
Farg‘ona davlat universiteti magistratura bo‘limi boshlig‘i