Yoshlar va aholi murojaatlari bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Xo‘jayli tumanida sayyor qabul o‘tkazilib, aholining bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ijtimoiy masalalarini hal etishga qaratilgan choralar ko‘rildi.
Tadbirda 300 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan murojaat qildi.

Sayyor qabulda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, tuman mutasaddi tashkilotlari rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida bandlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, imtiyozli kredit va subsidiyalardan foydalanish, ijtimoiy himoya, kommunal xizmatlar hamda mahallalar infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Sayyor qabul bilan bir qatorda tashkil etilgan mehnat yarmarkasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, banklar, soliq, sud va adliya idoralari, Davlat xizmatlari markazi hamda kommunal tashkilotlar vakillari aholiga tegishli tushuntirish va maslahatlar berdi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda fuqarolarni ish bilan ta’minlash va ularning mustaqil daromad manbaini yaratishiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratildi. Mehnat yarmarkasi orqali 10 nafarga yaqin fuqaro doimiy ish o‘rniga joylashtirildi. Bir qator ish izlovchilarga esa mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha yo‘llanmalar berildi.
O‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan 8 nafar fuqaroga payvandlash uskunalari va bolgarkalar topshirildi. Shuningdek, 50 nafarga yaqin fuqaroga ssuda va imtiyozli kreditlar asosida motokultivatorlar, tikuv mashinalari, overloklar, gaz plitalari, sovutgich, televizor, mini-pech, fotoapparat, pista qadoqlash va bodroq tayyorlash uskunalari kabi zarur jihozlar ajratildi. Bu imkoniyatlar fuqarolarning o‘z mehnat faoliyatini boshlashi, oilaviy daromadini oshirishi va kichik biznesini rivojlantirishi uchun xizmat qiladi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Xo‘jayli tumanida Yoshlar daftari jamg‘armasi tomonidan 10 nafar yoshga issiqxona qurish, payvandlash ishlari bilan shug‘ullanish, go‘zallik saloni va sartaroshxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur mablag‘larni olishga mo‘ljallangan vaucherlar topshirildi.

Sayyor qabul davomida ko‘tarilgan masalalarning bir qismi joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar esa mas’ul tashkilotlarga yo‘naltirildi. Ularning ijrosini nazorat qilish fuqarolar murojaatlariga tizimli yondashish va natijadorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasidagi bunday uchrashuvlar aholi bilan bevosita muloqot qilish, mavjud muammolarni joyida o‘rganish va ularni hal etishga ko‘maklashish imkonini beradi. Ayniqsa, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va fuqarolarning o‘z mehnati orqali daromad topishiga sharoit yaratish dasturning amaliy vazifalaridan biridir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri