Yoshlar muammolari o‘rganildi
Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 110- umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tomonidan “Yoshlar – kelajak bunyodkori!” shiori ostida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2021 yil 3 fevraldagi “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda tumandagi maktablar, akademik litsey hamda texnikumlarning 200 nafaridan ortiq sardor va yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Mirobod tumanida 140 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 58 ming nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Muloqotda tumanda yoshlar bilan ishlashning yangi tizimini joriy etish yuzasidan sardorlar va yoshlar yetakchilarining taklif-mulohazalari tinglandi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Mirobod tumani kengashi tomonidan yoshlar o‘rtasidagi muammolarni surishtirish ishlarini yetarli darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tumandagi yoshlar extiyojlarini o‘rganishda tizimli ishlarni tashkil etish, muammolarni joyida hal qilish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tavsiyalar berildi. Taklif va mulohazalar asosida tumanda yoshlar bilan ishlash samardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy kengashi tomonidan tumanda yoshlar bilan ishlashning samarali va ijobiy tizimlarini yaratishda faollik ko‘rsatgan yoshlar yetakchisi, “Ittifoq” va “Kamalak” sardorlari tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA