“Yoshlar markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Ta’lim muassasalarida yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish, ularning ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirish, sport va sog‘lom turmush tarziga rag‘bat uyg‘otish dolzarb vazifalardan sanaladi. Zero, sog‘lom va barkamol, ijodiy fikrlash, kitob o‘qish va mutolaaga ishqi baland o‘quvchilar o‘z tanlagan sohasida ham yutuqlarga erishishi tabiiy.
Farg‘ona viloyatidagi kasbiy ta’lim tashkilotlarida bu borada qator tashabbus va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Qo‘qon shahar Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va istiqbollarga qanot bag‘ishlovchi Yoshlar markazi ochildi. Ushbu markaz bo‘lg‘usi “salomatlik posbonlari”ning intellektual, ijtimoiy va professional rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda.

Markazda tashkillangan shaxmat va xorijiy tillar xonalari, kutubxona, kovorking xonasi hamda IT park o‘quvchi-yoshlarning sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. Jumladan, ingliz tili mashg‘ulotlari orqali yoshlarning xorijiy til ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro aloqalar o‘rnatishda faol ishtirokini ta’minlash imkoniyati yaratilayotgan bo‘lsa, kovorking xonasi jamoaviy ishlash, ijodiy g‘oyalarni muhokama qilish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay muhit yaratadi. Shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rganish va dasturiy ta’minot yaratish uchun mo‘ljallangan IT park yoshlarning innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishda yordam beradi. Bu yerda talabalar dasturlash, veb-dizayn va boshqa axborot texnologiyalari sohalarida bilim olishi mumkin. Kutubxona esa bilim olish va o‘qish madaniyatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Yoshlar turli mavzular bo‘yicha kitoblar va resurslarga murojaat qilib, o‘z bilimlarini kengaytirmoqda.

Maxsus jihozlangan xonalarda o‘quvchi yoshlar o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlarda maroq bilan mashg‘ulot olib bormoqda. Ularga malakali murabbiylar rahbarlik qilmoqda.
– Bugungi kun yoshlariga ba’zan havasim ham keladi. Chunki eng zamonaviy kompyuterlar, qulay shart-sharoitlar ular uchun muhayyo. Faqat izlanish, o‘qib-o‘rganish kerak, – deydi markaz o‘qituvchisi Jamshid Turdaliyev. – To‘garak mashg‘ulotlarida axborot-kommunikatsiya vositalari bilan ishlash, dasturlash, veb-sahifa yaratish, ma’lumotlarni saralash kabi mavzularda mashg‘ulotlar olib boramiz.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha xonalar o‘quvchi yoshlar bilan gavjum. Nemis, ingliz tillarini qunt bilan o‘rganib, boshqa xonada shaxmat bahslari avjida.
– Tibbiyot xodimi tez va aniq qaror qabul qilish, ziyraklik va sinchkovlik qobiliyatlariga ega bo‘lishi kerak. Shaxmat esa ana shu xislatlarni tarbiyalaydi. Darsdan keyingi bo‘sh vaqtlarimizda shaxmat o‘ynayapmiz. Bu bizga zavq berib, irodali bo‘lishga, mag‘lubiyatlardan qo‘rqmaslikka o‘rgatadi, – deydi hamshiralik ishi yo‘nalishi talabasi Muzayyana Valiyeva.

Bir qarashda bo‘lajak tibbiyot xodimi uchun chet tilini o‘rganish nima uchun kerak, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bugun dunyoga keng quloch ochayotgan yurtimizda, xorijiy davlatlardan ko‘plab sayyoh va mehmonlar kelmoqda. Bunda shifokorlar qaysidir chet tilini bilishi muhim va zarur.
– Tibbiy bilimlarning salmoqli qismi chet tillaridagi manbalarda jamlangani sir emas. Bundan tashqari, bitiruvchilarimiz qo‘shimcha sifatida ingliz yoki nemis tilini o‘rganib olsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi, – deydi texnikum direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Mahsudaliyev. – “Yoshlar markazi”dan tashqari ham ikki yo‘nalishda qisqa kurslar tashkil qilganmiz: massaj va kompyuter operatori. Bu uch oylik kurslarga ham qiziqish katta.

Ta’kidlash kerakki, “Yoshlar markazi”dagi to‘garak mashg‘ulotlariga hududdagi mahalla yoshlari ham qatnashmoqda. Jumladan, 20-G‘ishtko‘prik mahallasi aholisi farzandlarining bo‘sh vaqti behuda o‘tmayotganidan, qo‘shimcha bilim olayotganidan mamnun.
Markazda o‘tkaziladigan tadbirlar, musobaqalar va seminarlar yoshlarni ijtimoiy faoliyatga jalb qilib, ularning liderlik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Yoshlar o‘z g‘oya va tashabbuslarini amalga oshirishda yaqindan ko‘mak oladi. Sport to‘garaklarida esa sog‘lom raqobat, mantiqiy fikrlashga o‘rganadi. Umuman, ushbu markaz zamonaviy ta’lim muhitini yaratishda, yosh avlodni katta hayotga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Viloyatdagi barcha kasbiy ta’lim tashkilotlarida “Yoshlar markazlari” faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqdamiz, – deydi viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov. – Ahamiyatlisi, bu markazlar eshigi o‘sha hududdagi ishsiz va band bo‘lmagan yoshlar uchun hamisha ochiq bo‘ladi. Maqsadimiz yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishi, qo‘shimcha yo‘nalishlarda bilim va malakasini oshirishi, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganishiga ko‘maklashishdir.
M.Sulaymonov, O‘zA