Yoshlar harbiylar faoliyati bilan tanishdi
"Yoshlar kuni" doirasida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan Bektemir tumanidagi umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari va mahalla yoshlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqotda yurtimizda yoshlarga bo‘lgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rliklar, barcha sohada, shu jumladan, harbiy jabhada yaratilgan keng ko‘lamli imtiyoz va imkoniyatlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, bugun yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lish yo‘lidagi samarali mehnatini, qolaversa, fan olimpiadalari, sport, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalarda yuksak natijalarni ko‘rsatib kelmoqda.
Suhbat davomida yosh avlod vakillarining barcha yo‘nalishda erishayotgan yutuqlari Vatanimiz nufuzini yanada ko‘klarga ko‘tarayotgani e’tirof etildi.

Shuningdek, yoshlarning qiziqtirgan masalalarini ijobiy hal etish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
Jarayonda tashabbuskorligi, bilimi va yuqori natijalari bilan namuna ko‘rsatib kelayotgan yoshlardan bir guruhi esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar bilan birgalikda kasbga o‘qitish markaziga sayohat tashkil etildi. Bu yerda yoshlar turli kasb-hunarlarga tayyorlash uchun mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv xonalari, ichki va tashqi amaliyot o‘tash joylari hamda qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Uchrashuv yoshlarning o‘z maqsadlari va bu yo‘ldagi rejalarini yana bir bor mulohazadan o‘tkazishga zamin yaratgani bilan ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA