Yoshlar harbiylar faoliyati bilan tanishdi
DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Toshkent tumanida joylashgan harbiy qismda hududdagi "Qushqo‘ndi", "Oqtom", "Oqtosh" MFYlar yoshlari uchun "Armiya – jasorat, matonat va bilim maskani" shiori doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi yoshlarda yaxshi taassurot uyg‘otdi. Harbiylarning yashash sharoitlari bilan tanishildi.
Suhbat davomida esa mutaxassislar tomonidan mamlakatimiz yoshlari uchun armiya jasorat, matonat va haqiqiy qahramonlik maktabiga aylanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlarga O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar va ularning samaralari to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tildi.
Serjant A.Mahamadiyevning o‘ziga biriktirilgan "Maks" laqabli xizmat iti bilan chegara buzg‘unchisini ushlash jarayoni ko‘rsatilgan ko‘rgazmali chiqishi o‘quvchilar tomonidan olqishlandi.
[gallery-15475]
Bolalar harbiylar uchun yaratilgan elektron kutubxonalar, oshxona, yotoqxona, xizmat hayvonlari xonalari hamda boshqa harbiy jihozlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, "Armiya va xalq yakdildir" shiori ostida harbiylar va yoshlar o‘rtasida sportning voleybol, tosh ko‘tarish va arqon tortish turlari bo‘yicha musobaqa tashkillashtirildi. Yaxshi qatnashgan faol o‘quvchilar esa tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Biz yoshlar bilan do‘stona muloqotlarimizni muntazam o‘tkazamiz, – deydi DXX Chegara qo‘shinlari ofitseri, podpolkovnik Aybek Dauletmuratov. – Bu galgi uchrashuv ham esda qolarli bo‘ldi. Sa’y-harakatlarimiz tufayli bolalarda harbiy sohaga qiziqish yanayam ortdi, deb o‘ylayman. Milliy armiyamiz saflarida mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni birlashtirish, ularning jismoniy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish har birimizning burchimizdir. Shu yo‘lda mehnat qilishdan charchamaymiz.
A. Musayev, D. Ernazarov(surat),
O‘zA muxbirlari