Yoshlar harbiylar faoliyati bilan tanishdi
Mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Harbiy qism qo‘mondonligi, hududda istiqomat qiluvchi bir guruh faol yoshlar va muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etgan tadbirda harbiy qism mas’ullari harbiylar hayoti va xizmat faoliyatida erishgan yutuqlari haqida so‘zlab, o‘zlarining hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi. Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan atroflicha javob olishdi.

Tadbir yakunida yoshlarga harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy kutubxona, harbiy qism muzeyi va tematik o‘quv sinflari yaqindan tanishtirildi.
Harbiy qism saf maydonida sportning dzyudo turi bo‘yicha Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkazilgan musobaqada faxrli o‘rinni egallagan harbiy qismning muddatli harbiy xizmatchilariga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA