Yoshlar – buyuk ishlar davomchilari
30-iyun – Yoshlar kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida koʻtarinki kayfiyatda qarshi olindi.
30-iyun – Yoshlar kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida koʻtarinki kayfiyatda qarshi olindi. Taʼlim muassasasi rahbariyati tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadbir karantin tartibiga rioya qilingan holda professor-oʻqituvchilar, yosh xodimlar hamda kursant oʻgʻil-qizlar ishtirokida tashkil etildi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, bugun dunyo aholisining 16 foizini yoshlar tashkil qilmoqda. Yurtimizda esa bu koʻrsatkich eʼtirof etsa arzigulik – aholining 60 foizdan ziyodi kelajagimiz davomchilari hissasiga toʻgʻri keladi. Shu maʼnoda ham Oʻzbekistonni yoshlar mamlakati, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar yoshlarga oid davlat siyosatiga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Soʻnggi yillarda sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida bir qator farmon va qarorlar, davlat dasturlari qabul qilindi. Kelajagimiz davomchilarining ezgu orzu va maqsadlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan muhim tashabbuslar hayotimizga tatbiq etildi. Ayniqsa 30-iyunning yurtimizda Yoshlar kuni sifatida belgilangani unib-oʻsib kelayotgan navqiron avlodning yorugʻ istiqboli yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Tadbirda Akademiya boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Alisher Abdullayev soʻzga chiqib, yoshlarning maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, iqtidorini qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallab, yetuk malakali mutaxassis boʻlishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
– Jamiyatimizdagi yangilanishlar jarayonida yoshlarimiz hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda, – dedi u. – “Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz!”, degan ezgu tamoyil asosida yoshlarimizning har jabhada tashabbus, shijoat va faollik koʻrsatayotgani quvonarlidir. Akademiyamiz xodimlarining salkam 40 foizini yosh mutaxassislar tashkil etadi. Taʼlim maskanining kunduzgi va sirtqi taʼlim yoʻnalishlarida 2 mingdan ziyod kursant-tinglovchi bilim olmoqda.
Davlatimizning yuksak eʼtibori natijasida ular ilm-fan, taʼlim va sport sohalarida yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Yosh olim va ilmiy tadqiqotchilarimiz safi yildan-yilga kengaymoqda. Bundan tashqari, har yili oʻquv dargohimizni muvaffaqiyatli tamomlab, xizmatga yoʻl olayotgan kadrlarimiz respublikamizda huquq-tartibotni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshmoqda.
Darhaqiqat, taʼlim muassasasida yoshlar bilan ishlashning samarali tizimlari joriy qilingan. Bu borada Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining Akademiyadagi boshlangʻich tashkiloti alohida tashabbus koʻrsatayotgani eʼtiborga molik. Tinglovchi-kursantlar ishtirokida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar mustaqil fikrlaydigan, ona Vatanimizga sadoqatli, fidoiy va qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega yoshlarni kamol toptirish bilan birga, ularning jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga turtki boʻlmoqda.
– Yoshlarga yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotgan baxtiyor zamonda yashayapmiz, – deydi kursant Muzrobxon Mansurxonov. – Kuni kecha davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston yoshlariga yoʻllagan tabriklarini eshitib, gʻururlanib ketdim. Prezidentimiz men qatori minglab tengdoshlarimga murojaat qilib, “aziz oʻgʻil-qizlarim, hech qachon unutmang, xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlarni kutmoqda”, – deya alohida taʼkidladilar. Biz davlatimiz tomonidan yaratilgan ulkan imkoniyatlarni oqilona anglagan holda zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshishimiz shart.
Tadbirda Akademiya boshligʻining buyrugʻi bilan bir guruh faol va tashabbuskor yoshlar “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandi. Shuningdek, oʻquv jarayonida ijobiy yutuqlarga erishayotgan, maʼnaviy-axloqiy va kasbiy fazilatlari bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan kursantlarning ona-onalariga minnatdorlik maktublari yoʻllandi. Badiiy havaskorlik jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan konsert dasturi yoshlar uchun bayram tuhfasi boʻldi.
Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasi matbuot xizmati xodimi