Yoshlar Bosh qomusimizni o‘rganmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Adliya vazirliklari hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” mavzuida videokonferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Adliya vazirliklari hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” mavzuida videokonferensiya o‘tkazildi.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish" kurslarini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, huquqshunos olimlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari I.Majidov va boshqalar mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida huquqiy ta’limni yanada takomillashtirish, o‘g‘il-qizlarning huquqiy bilim va madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Birinchi Prezidentimizning 2001-yil 4-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda ta’limning barcha bosqichida o‘quvchi va talaba yoshlarga Konstitutsiyani o‘rgatish maqsadida maxsus fanlar, o‘quv kurslari joriy etilgan. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish” o‘quv kurslarini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning Bosh qomusimizning huquqiy demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishdagi tutgan o‘rni va roli to‘g‘risida bilimlarini boyitish, fuqarolik burchini his qilish, qonunga rioya qilishni shakllantirishdan iborat.
– Konstitutsiyamiz barcha ta’lim muassasalarida yoshlarga izchil va puxta o‘rgatilmoqda, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlari nomzodi Haydarali Muhammadov. – Ta’lim jarayonida yoshlarimizning Bosh qomusimiz bilan kafolatlangan huquq va manfaatlari, burch va majburiyatlari keng tushuntirilmoqda. Bu borada professor-o‘qituvchilarning bilim va malakalari muntazam oshirib borilmoqda.
Seminarda mamlakatimiz Asosiy qonunida har bir fuqaroning bepul umumiy ta’lim olish huquqi belgilab qo‘yilgani va istiqlol yillarida ta’lim sifati hamda mazmunini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar salmoqli natijalar berayotgani, o‘sib kelayotgan yosh avlod sohani yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi, bu borada barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish” kurslarini yanada takomillashtirish, talabalarning huquqiy madaniyatini oshirish borasida taklif va mulohazalar bildirildi.