Yoshlar bilan muloqot
Prezidentimiz tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida ertamiz egalarining muammo va takliflarini o‘rganish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joylarda bo‘lib o‘tayotgan “Rahbar va yoshlar” mavzusidagi ochiq muloqotlar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar institutida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuv yoshlar bilan ochiq, samimiy va mazmunli muloqot maydoniga aylandi.

Mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” partiyasi fraksiyasi a’zosi Dilmurod Ismoilov, partiya Namangan viloyati kengashi raisi Isroiljon Jo‘rayev, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining viloyat bo‘limi ijrochi direktori A’zamjon Ahmadaliyev, institut professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Dastlab talaba-yoshlar “Adolat” partiyasining asosiy maqsad va vazifalari, jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirish, aholi manfaatlarini himoya qilish hamda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tashabbuslar bilan tanishtirildi.
Spikerlar yoshlar bilan ochiq va jonli muloqotga kirishib, parlamentdagi qonun ijodkorligi jarayoni, huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish bosqichlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, kiberjinoyatchilik va internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlarining oldini olish, shuningdek, “Tashabbusli byudjet” dasturi orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda so‘nggi yillarda namanganlik sportchilarning Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, jahon kubogi, Osiyo kubogi, xalqaro Gran-pri kabi xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatli natijalari yurtimiz dovrug‘ini yuksaltirayotgani ta’kidlanib, talaba-yoshlar chempionlarning ortidan ergashgan holda sport musobaqalarida yanada faol ishtirok etishga chaqirildi.
Muloqotda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yanada chuqur anglash, jamiyat hayotida faol, tashabbuskor va mas’uliyatli ishtirok etish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda faollik ko‘rsatgan bir qator iqtidorli talabalar “Adolat” partiyasi viloyat kengashining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA