Yoshlar bandligi mahalla soliqchilari faoliyatini baholashda samaradorlik mezoni qilib belgilanadi
Soliq idoralari ham tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini saqlab qolishga ko‘maklashishi zarurligi ta’kidlandi.
Viloyatda ayrim korxonalar aylanmasi va ish o‘rinlari qisqargani, bir qator biznes sub’ektlari faoliyati tugatilgani qayd etildi. Mahallaga tushgan soliq xodimlari bunday holatlarning sabablarini o‘rganib, yechim topishga faol kirishishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endi daromadi yoki ish o‘rni kamaygan korxonaga mahalla soliqchisi borib, muammoni o‘rganadi. Hokim yordamchisi va mahalla bankiri bilan birga soliq to‘lovini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘, bozor yoki eksportga ko‘maklashish bo‘yicha tuman shtabiga taklif kiritadi.
Mazkur jarayonda har bir biznesning daromadga kirish davri va xususiyati inobatga olinadi. Yoshlar bandligi mahalla soliqchilari faoliyatini baholash va mehnatiga haq to‘lashda samaradorlik mezoni qilib belgilanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish davom etmoqda.
O‘zA