Yosh tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati mutaxassislari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy sektorga yosh avlod vakillarini jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilmoqda.
Davra suhbatida o‘quv muassasalari bitiruvchilariga tanlov asosida imtiyozli kreditlar taqdim etish ular o‘z biznes-g‘oyalarini amalga oshirishining samarali usullaridan biri ekani qayd etildi. Ayni paytda Savdo-sanoat palatasi tomonidan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda har yili o‘tkazib kelinayotgan tanlovlar g‘oliblari yangi ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun imtiyozli kreditlarga ega bo‘lmoqda.
Buning samarasida barcha viloyatlardagi kasb-hunar kollejlarining 22 ming nafardan ziyod bitiruvchisi “Mening biznes g‘oyam” tanlovida ishtirok etdi.
G‘oyalari istiqbolli deb topilgan 100 dan ortiq ishtirokchi umumiy qiymati 1,5 milliard so‘mlik bank krediti olish uchun sertifikat sohiblari bo‘ldi. Yosh avlod vakillarini rag‘batlantirish maqsadida “Yosh tadbirkor”, “Yosh tadbirkor – mamlakat tayanchi”, “Bir tadbirkor – uch hamkor” tanlovlari tashkil etildi.
– Ayni paytda korxonamiz O‘zbekistonda geografiya globuslari ishlab chiqaradigan yagona korxonadir, – deydi “Ziyo Globus” xususiy korxonasi direktori Bobur Zokirov. – O‘tgan yili “Yosh tadbirkor – mamlakat tayanchi” tanlovida g‘olib bo‘ldim va olingan imtiyozli kreditni korxonaning ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish, yangi uskunalar xarid qilish, o‘quv muassasalari uchun yangi ko‘rgazmali qo‘llanmalar ishlab chiqarishga yo‘naltirmoqchimiz.
Davra suhbatida yangi korxonalar tashkil etish va ularni davlat ro‘yxatiga olish, faoliyatini nazorat qilish, nazorat organlari tomonidan tekshiruvlar sonini qisqartirish, tijorat banklarining imtiyozli kreditlar berishini kengaytirish to‘g‘risida axborot taqdim etish masalalari ham muhokama etildi.