Yosh sportchilarning katta yutuqlari
Soʻnggi yillarda mamlakatimizning boshqa hududlari qatori Orolboʻyida ham zamonaviy sport majmualari bunyod etilmoqda.
Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi muassisligida 2019-yil yakunlariga bagʻishlab oʻtkazilgan “Milliy sport mukofoti – 2019” taqdirlash marosimida Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha Nukus oliy mahorat maktabi tarbiyalanuvchisi Zaynab Dayibekova “Eng yaxshi yosh va istiqbolli sportchi“ nominatsiyasi gʻolibi boʻldi.
– Qilichbozlik eng yosh sport turlaridan boʻlsa ham, qoraqalpogʻistonlik sportchilar mamlakatimizda yetakchilardan hisoblanadi, – deydi Nukus ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internati murabbiyi Ruslan Sultanov. – 2014-yilda Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litseyda birinchi marta toʻgarak tashkil etildi. Dastlabki yillarda mazkur sport turini yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish, ularni zarur anjomlar bilan taʼminlash, sport musobaqalarida qatnashish boʻyicha bir qator qiyinchiliklar boʻldi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizning boshqa hududlari qatori Orolboʻyida ham zamonaviy sport majmualari bunyod etilmoqda. Nukus ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internati, Nukus shahrida yangi qurilgan Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan oliy sport mahorati maktabi shular jumlasidandir. Zamonaviy sport jihozlari bilan taʼminlangan oliy sport mahorati maktabida yoshlar sportning bir qancha turlari, jumladan, 200 dan ziyod oʻgʻil-qiz qilichbozlikning shamshir hamda shpaga yoʻnalishlarida shugʻullanmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 15-16-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida mazkur majmuada shugʻullanayotgan yosh sportchilar bilan muloqoti ularning sportga boʻlgan qiziqishini yanada oshirdi. Davlatimiz rahbari nomidan ogʻir atletika boʻyicha nufuzli turnirlar sovrindori Rustam Jangaboyevga uy, dzyudochi Elyor Masharipovga “Malibu” avtomobili, qilichbozlik boʻyicha xalqaro turnirlar sovrindori Zaynab Dayibekovaga “Nexia” mashinasi, boshqa yosh sportchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Bugungi kunda Aysuluv Usnatdinova, Zaynab Dayibekova, Tolqinoy Bekbauliyeva, Gulbanu Yesemuratova, Guliston Perdeboyeva kabi qizlar, Sherzod Mamutov, Pazilbek Genjeboyev, Allaniyoz Yesjanov, Musa Aytmuratov, Azizbek Dauletnazarov singari oʻsmirlar Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi hisoblanadi.
2018-yilning fevral oyida Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Dubay shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida Zaynab Dayibekova uchinchi, Sherzod Mamutov, Pazilbek Genjeboyev ikkinchi oʻrinni egalladi. Musobaqada sovrinli oʻrinni egallab qaytgani uchun terma jamoa aʼzolari, jumladan, Zaynab Dayibekova, Sherzod Mamutov, Pazilbek Genjeboyev, murabbiy Daoʻirbek Jiyemuratovlar Prezidentimiz sovrini – “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.

Oʻtgan yilning fevral oyida Iordaniya poytaxti Oman shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz qizlar terma jamoasi tarkibida Zaynab Dayibekova, Aysuluv Usnatdinova uchinchi, oʻsmirlar terma jamoasi tarkibida Sherzod Mamutov, Pazilbek Genjeboyev ikkinchi, uchinchi oʻrinni egallab qaytdi.
Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan qilichbozlik boʻyicha Markaziy Osiyo konfederatsiyasi ochiq turnirida shamshir yoʻnalishida qizlar oʻrtasida Zaynab Dayibekova birinchi, Aysuluv Usnatdinova uchinchi, kadetlar oʻrtasida Sherzod Mamutov birinchi, Pazilbek Genjeboyev ikkinchi, oʻsmirlar oʻrtasida Pazilbek Genjeboyev birinchi, Sherzod Mamutov ikkinchi oʻrinni egalladi. Qilichbozlik boʻyicha oʻsmir qizlar oʻrtasida Toshkent shahrida oʻtkazilgan jahon kubogining yakkalik bellashuvida Zaynab Dayibekova finalda turkiyalik Nisonur Erbil ustidan 15:12 hisobida zafar quchib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.

2019-yilning iyul oyida Vengriyaning Budapesht shahrida qilichbozlik boʻyicha jahon chempionati saralash bahslarida qoraqalpogʻistonlik uch sportchi ishtirok etdi.
– Oʻtgan davr mobaynida 6 karra Oʻzbekiston chempioni, Osiyo chempionatining sovrindori boʻldim, – deydi Nukus shahridagi 47-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi, sport ustasi Pazilbek Genjeboyev. – Bugungi kunda terma jamoa tarkibida joriy yilning fevral oyida Indoneziyada boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatiga, mart oyida Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrayapmiz. Har kuni ikki mahal mashgʻulot oʻtkazyapmiz.