Yosh shaxmatchilarimiz xalqaro turnirda g‘oliblikka erishdi
Poytaxtimizda xalqaro sport ustasi hamda xalqaro grossmeyster unvonlari uchun normativlarni bajarish bo‘yicha o‘tkazilgan “Tashkent GM Round Robin” va “Tashkent IM Round Robin” turnirlarida o‘zbekistonlik shaxmatchilar muvaffaqiyatga erishdi.
Nufuzli musobaqalarda 8 ta davlatning 20 nafar mahoratli shaxmatchisi dona surdi.
9 ta turdan iborat “Tashkent IM Round Robin” bahslarida Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va O‘zbekiston shaxmatchilari kuch sinashdi.

Shuningdek, “Tashkent GM Round Robin” yo‘nalishida esa Belarus, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Ukraina, O‘zbekiston vakillari o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.

Murosasiz bahslarga boy kechgan “Tashkent IM Round Robin” yo‘nalishida hamyurtimiz Abdumajid Botiraliyev 6,5 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi va +147 reyting ochkosi jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. 2- va 3-o‘rin 5,5 ochkoga ega qozog‘istonlik Abdulmansur Abdulxayirga va qirg‘izistonlik Nikita Xoroshevga nasib etdi.

“Tashkent GM Round Robin” musobaqalarida esa terma jamoamiz a’zolari Asror Omonov hamda Ortiq Nigmatov 1 va 2-o‘rinlardan joy olgan bo‘lsa, ukrainalik Vitaliy Bernadskiy 5,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga kuchli uchlikka yakun yasadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA