Yosh qutqaruvchi: samarqandlik va qoraqalpog‘istonlik yoshlar g‘olib
1-3-iyun kunlari Samarqandda umumta’lim maktablari va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar musobaqasining Respublika bosqichi o‘tkazildi.
Musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan quyi bosqichlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etdi.
Beshta shart bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa yakunida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida birinchi o‘rinni Samarqand viloyatining Toyloq tumanidagi 17-umumta’lim maktabi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi 31-umumta’lim maktabi jamoalari qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 295-umumta’lim maktabi jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi 2-umumta’lim maktabi jamoasiga nasib etdi.
[gallery-29773]
Musobaqaning professional ta’lim muassasalari o‘rtasidagi bahslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi 1-texnikum jamoasi g‘oliblikni egalladi. Keyingi sovrinli o‘rinlarni Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi hamda Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Jizzax akademik litseyi jamoalari qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlandi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklarga sayohat, madaniy dasturlar tashkil etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari