Yosh ofitserlar xizmatga yoʻl oldi
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va “leytenant” maxsus unvonini tantanali topshirish marosimi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va “leytenant” maxsus unvonini tantanali topshirish marosimi oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri v.b., general-leytenant T.Xudoybergenov yurtimizda oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlarni har tomonlama yetuk, masʼuliyat va burchini chuqur his qiladigan hamda oʻz kasbini sevib ardoqlaydigan, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilayotganini alohida taʼkidladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga qaratilayotgan eʼtiborni ham alohida qayd etish joiz.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi farmoni alohida ahamiyat kasb etadi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida oʻz kasbining yetuk mutaxassislari, masʼuliyat va burchini chuqur his qiladigan kadrlar yetishib chiqmoqda. Bugun ham mana shunday quvonchli kun. Akademiya bitiruvchilari katta hayotga qadam qoʻymoqdalar. Kurs bitiruvchilariga diplom va “leytenat” maxsus unvoni generallar tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Ha, yosh ofitser uchun general qoʻlidan diplom va maxsus unvon olish katta ishonch va faxr-iftixor desak, xato boʻlmaydi. Bu lahzalar ularning hayotida bir umrlik oltin sahifalar boʻlib qolajak. Soʻzga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar oʻz tilaklarini izhor etib, yosh ofitserlarni samimiy muborakbod etdi.
– Harbiy kiyim-boshi yarashib turgan navqiron yosh farzandlarimizning muqaddas va sharafli burchlarini sidqidildan bajarib, jonajon Vatanimiz, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishida bildirilgan yuksak ishonchni oqlaydigan ofitserlar boʻlishiga ishonamiz, – deydi akademiya professori Ali Sirojiddinov.
– Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz, – deydi bitiruvchi leytenant Ilhomjon Boqiyev. – Bizni voyaga yetkazgan ota-onamizga, taʼlim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan davlatimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sogʻligʻini asrashdek baxtli kasb boʻlmasa kerak. Biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar boʻlib yetishganimizdan va ona Vatanimiz ravnaqiga oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan faxrlanamiz. Xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash yoʻlida bor kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz.
Tadbirda Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar yangradi.