Yosh kitobxonlar saralandi
Hududlarda yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va ma’naviy dunyosini boyitishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar davom etmoqda. Xususan, Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida “Yosh kitobxon” tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tanlov besh bosqichda o‘tkazilib, minglab yoshlarni o‘z atrofida birlashtirmoqda. Jumladan, hudud bo‘yicha 56 ming 385 nafar yosh nomzodlar qatnashish istagini bildirgan edi. Saralash tuman-shahar bosqichlaridan 66 nafar ishtirokchi viloyat bosqichiga yetib keldi. Ular “Badiiy asarlar bilimdoni” va “Tezkor savol-javob” shartlarida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Hakamlar hay’ati tomonidan har bir ishtirokchi belgilangan nizom asosida baholandi.

– Viloyatimizdan yil sayin yosh kitobxonlar safi ko‘payib borayotganidan juda xursandmiz, – deydi Toshkent viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Xojiyev. – Joriy yil fevral oyida ham Prezidentimizning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti chog‘ida kitobxon yoshlar uchun ko‘plab imtiyozlar aytilgan edi. Shu asosida joylarda tizimli ishlar qilinyapti. Masalan, kitob do‘koni ochayotgan yoshlarga imtiyozli kreditlar beriladi. “Yosh kitobxon oila” tanlovida esa g‘olib bo‘lgan chirchiqlik oila davlatimiz rahbari tomonidan taqdirlandi. Ishonamanki, kelgusida ham bu kabi yuqori natijalar ko‘p bo‘ladi.

Yakunda 10-14 yosh toifasida Bekobod tumanidan Suvonqulova Odinaxon, 15-19 yosh toifasida Parkent tumanidan Xaldorova Mehribon, 20-30 yosh toifasida esa Olmaliq shahridan Yunusova Ozoda tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

– Bu tanlovda ilgari ham qatnashganman, – deydi tanlov g‘olibi bekobodlik O.Suvonqulova. – Lekin bu yilgi natijalarim ancha yaxshi bo‘ldi. Har bir bosqichda berilgan shartlar va savollarga puxta tayyorgarlik ko‘rgan edim. Muhimi, bu tanlov orqali o‘z tajriba va bilimlarimni oshirdim. Ko‘plab do‘stlar bilan tanishdim. Ota-onam va yaqinlarim juda xursand bo‘ldi. Maqsadim tanlovning mamlakat bosqichidan ham g‘olib bo‘lish.

G‘oliblar Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA