Yosh kinochilardan umidimiz katta
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Kinematografiya agentligida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida agentlik tashabbusi bilan S.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)ga o‘qishga kirgan yoshlar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.

– Yoshlar bor joyda ishda unum, rang-baranglik va yuksalish bo‘ladi, – deydi Kinematografiya agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev. – Chunki yoshlar atrofga o‘zgacha ko‘z bilan qaraydi. Agentligimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratgan. O‘tgan yilda pandemiya bo‘lishiga qaramasdan yosh ijodkorlarning ishlashi uchun tashkilot mablag‘ ajratdi, g‘oyalar berdi. Yoshlar o‘nlab qisqa metrajli filmlarni suratga oldi. Ularning aksariyati xorijda e’tirof etilib, nufuzli tanlovlarda taqdirlanmoqda. Prezidentimizning 2020 yil Adiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari yuzasidan «Xalq yuragi» nomi ostida suratga olinayotgan 24 qismli turkum filmlarni ham yoshlarimizga ishonib topshirganmiz. Ishonamizki, yoshlar bizni uyaltirmaydi. Yosh kinochilardan umidimiz katta.

Tadbir doirasida «Maktab – hayotim» filmi muvaffaqiyati uchun kinokartina ijodkorlari e’tirof etilib, ushbu film namoyish etildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, mazkur kinokartina Agentlik buyurtmasiga binoan “Koʼzgu film” studiyasi tomonidan suratga olingan, unda maktab o‘quvchilari hamda o‘qituvchilarining hayotiy voqealari va ulardagi ijtimoiy muammolar aks ettirilgan.
D.Mamatova, O‘zA