Yosh ijodkorlar mushoirasi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlanib, Yozuvchilar uyushmasi, Qirg‘iz milliy-madaniy markazi Andijon viloyat bo‘limlari hamkorligida Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida “Andijon oqshomlari” mushoira-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilishida yurtimiz mustaqilligini, istiqlol g‘oyalarini targ‘ib va tarannum etish, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda ijod ahlining o‘rni va roli nihoyatda katta ekanligi haqida so‘z bordi.
Mushoira-tanlovda viloyatdagi 35 yoshgacha bo‘lgan ijodkorlar - Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi qoshidagi “Bobur izdoshlari”, Jalaquduq tumanidagi "Hilol", Baliqchi tumanidagi "Yosh adiblar" adabiy to‘garaklari a’zolari, Zomin respublika seminari qatnashchilari, Andijon garnizoni harbiy qismning muddatli harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.


Yosh ijodkorlar mushoirasi haqiqiy adabiyot, she’riyat bayramiga aylandi. Shoirlarning Vatan, tinchlik, do‘stlik, yurtga sadoqat mavzularidagi she’rlari, ayniqsa, harbiylar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga zavq ulashdi.
Yosh ijodkorlarning chiqishlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Hurshida Vahobjon qizi, Avaz Abdusalom, Vosit Ahmad, adib Shukurullo Xayitoxunov tomonidan baholab borildi.


Tadbir yakunida Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi, Qirg‘iz milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limi rahbari Obidjon Nosirov g‘oliblar va barcha qatnashchilarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri