Yosh gimnastikachilar bahsi
Andijonda badiiy gimnastika bo‘yicha o‘quvchi qizlar o‘rtasida “Kamolot" g‘unchalari” an’anaviy respublika ochiq turnirining viloyat bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Andijonda badiiy gimnastika bo‘yicha o‘quvchi qizlar o‘rtasida “Kamolot" g‘unchalari” an’anaviy respublika ochiq turnirining viloyat bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, viloyat madaniyat va sport ishlari, xalq ta’limi boshqarmalari, xotin-qizlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda turnirning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 74 nafar yosh gimnastikachi o‘z mahoratini namoyish etdi.
– Xotin-qizlar o‘rtasida badiiy gimnastikaning ommaviyligi tobora ortib bormoqda, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova. – Opa-singillarimiz, ayniqsa, o‘quvchi qizlarimizning badiiy gimnastika bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoit yaratib berilgan. Natijada bugungi kunda viloyatda 5 ming nafarga yaqin xotin-qiz badiiy gimnastika bilan muntazam shug‘ullanmoqda. O‘quvchi qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan mazkur turnir esa ularning salomatligini mustahkamlash va jismoniy kamoloti yo‘lida xizmat qiladi.
Besh yosh guruhi doirasida o‘tgan musobaqalar yakuniga ko‘ra, Andijon shahar jamoasi vakillari Yeseniya Agasarova, Dilnoza Qo‘chqorova, Rushana Jumaboyeva, Ulug‘nor tumani jamoasi a’zosi Mohinur Toshkenboyeva hamda Xo‘jaobod tumani jamoasidan Umida Abdunazarova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.