Yosh fermerning yutuqlari omili
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi “Ahmadiy Shahobiddin” chorvachilik fermer xoʻjaligida chorvachilikni rivojlantirish istiqbollari, ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etish masalalariga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi “Ahmadiy Shahobiddin” chorvachilik fermer xoʻjaligida chorvachilikni rivojlantirish istiqbollari, ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etish masalalariga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda fermer xoʻjaliklari rahbarlari, partiya faollari, yoshlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 oktyabrdagi “Chorvachilik va baliqchilik tarmoqlarining ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Mamlakatimizda aholining goʻsht, sut va sut mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida olib borilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotgani taʼkidlandi.
Ishtirokchilar “Ahmadiy Shahobiddin” chorvachilik fermer xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Bugun fermer boʻlish istagida boʻlgan oʻzim tengi doʻstlarim bilan fikr almashdim, – deydi yosh fermer Shahobiddin Ahmadiy. – Mamlakatimizda, ayniqsa, yoshlarga qaratilayotgan alohida eʼtibordan samarali foydalanishimiz lozimligi haqida suhbatlashdik. Tarmoqdagi oʻz tajribam haqida gapirib berdim. Kasb-hunar kollejini bitirgach, koʻptarmoqli fermer xoʻjaliklarida chorvachilik sirlarini oʻrgandim. Toʻplangan tajriba asosida 2018 yil sentyabr oyida “Ahmadiy Shahobiddin” chorvachilik fermer xoʻjaligi tashkil etildi.
Yosh fermer “Yoshlar – kelejagimiz” jamgʻarmasi Boyovut tumani filialining 800 million soʻm krediti evaziga Germaniyadan 33 bosh naslli qora mol olib keldi. Bugun oʻsha qoramollar soni 66 boshga yetdi. Bu loyiha sabab 4 nafar tengqurini doimiy ish oʻrni bilan taʼminladi. Endilikda u xorijdan zamonaviy sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash sexi keltirib oʻrnatishni maqsad qilgan. Bu yana 15-20 ta yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.