Yosh chegarachilar maktab o‘quvchilari huzurida
Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan uchrashuvlar va boshqa harbiy-vatanparvarlik, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Termiz shahridagi 13-hamda 26-umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tdi.


Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyining birinchi kurs o‘quvchilari Javohir Nizomiddinov, Diyor Berdishukurov, G‘ulommuhammad Choriyev va Sardor Eshmuradovlar mazkur ta’lim dargohlari o‘quvchilari bilan uchrashib, o‘zlari ta’lim olayotgan harbiy-akademik litsey haqida atroflicha ma’lumot berdi. Bo‘lg‘usi chegarachilarga yaratilgan sharoitlar, o‘qishga qabul qilish shartlari va o‘qish jarayonlari haqida suhbatlashdi.


¬Viloyat markazidagi 13-umumta’lim maktabida o‘n yil ustozlardan saboq oldim, –deydi Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi o‘quvchisi Javohir Nizomiddinov. –Qishki ta’til kunlaridan foydalanib, menga ta’lim-tarbiya bergan ustozlardan hol-ahvol so‘radim. O‘quvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdik. Unda maktabdoshlarimga litseyimiz haqida gapirib berdik. Vatanni qo‘riqlash, sarhadlarimiz osoyishtaligini ta’minlash har bir yigitning muqaddas burchi ekani to‘g‘risida fikr almashdik. Bitiruvchi-o‘quvchilarning aksariyati litseyda o‘qishga qiziqish bildirganidan faxr hissini tuydik.



Uchrashuvda harbiy libosi egniga yarashib turgan bo‘lg‘usi chegarachilar Vatan himoyachisi bo‘lish istagini ko‘ngliga tukkan o‘quvchilarning savollariga javob berishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri