Yosh bokschilarmiz jahon chempionatini "yondirmoqda"
Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda
Musobaqaning ikkinchi kunida ringga ko‘tarilgan besh nafar hamyurtimizning barchasi raqiblaridan ustun kelib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Hususan, -54 kilogramm vazn toifasidagi Shodiyona Meliqo‘ziyeva hindistonlik Joyshri Chirom bilan kechgan murosasiz jangda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
-70 kilogramm vazndagi Zulfiqor Adhamjonov gruziyalik Akaki Basariaga qarshi bahsda 5:0 hisobida zafar quchdi. -90 kilogramm vaznda ishtirok etayotgan Asadbek Sultanboyev ham panamalik Norman Simmonsni shu hisobda mag‘lub etdi. Vazni -65 kilogramm bo‘lgan Jahongir Zayniddinov belaruslik Bagdan Shashlikou ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Qizlar o‘rtasida -65 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Aselya To‘legenova venesuelalik Benniyelis Perez bilan bellashuvda 4:1 hisobida g‘alabaga erishdi.
Bugun, 18 oktbyar kuni jahon chempionatida uch nafar charm qo‘lqop ustamiz bahslarga kiradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Mirjon Suponov -50 kilogramm vaznda meksikalik Gael Rivasga, Sardorbek Bahromxo‘jayev -85 kilogramm vaznda livanlik Adam Maadraniga, Elyor Rustamov esa -55 kilogramm vaznda angliyalik Ruben Huchsmannga qarshi ringga ko‘tariladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA