Yosh bokschilarimiz jahon chempionatida qatnashmoqda
Bugun, 16-oktabr kuni Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha U19 yosh toifasida jahon chempionati janglari boshlanadi.
Dunyoning 69 mamlakatidan 474 nafar yosh charm qo‘lqop ustalari qatnashadigan mazkur chempionatda O‘zbekiston terma jamoasining yigitlari 10 ta, bokschi qizlar esa 8 ta vazn toifasida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.

Jahon chempionatining bugungi saralash janglarida O‘zbekiston terma jamoasining 2 nafar a’zosi o‘z omadini sinab ko‘radi.

Bahslarning -60 kilogrammida Sevara Mamatova yangi zelandiyalik Brooke Miller bilan, +90 kilogrammda Islam Salixov kosovolik Luan Rahmani bilan to‘qnash keladi.
Eslatib o‘tamiz, jahon birinchiligining saralash va 1/4 final musobaqalari 24-oktabrga qadar davom etadi. Yarim final janglari 25-oktabr va final bahslari 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA