Yosh bokschilarimiz g‘alabasi
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 2 tadan oltin va kumush, 3 bronza medalni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz yoshlari iqtidor va mahorat bobida hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini isbotladi.
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 2 tadan oltin va kumush, 3 bronza medalni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz yoshlari iqtidor va mahorat bobida hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini isbotladi.
Yosh sportchilarimizning jahon arenalarida erishayotgan g‘alabalari mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.
Boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yosh sportchilarimiz qo‘lga kiritgan g‘alabalar o‘zbek boks maktabining dovrug‘ini yanada yuksaltirdi.
Musobaqaning dastlabki oltin medalini vazni 57 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etgan Bilolbek Mirzarahimov keltirdi. Kuchli texnika, mustahkam himoya va tezkor zarbaga ega bokschimiz saralash musobaqalarida uelslik Ris Edvards, marokashlik Usama Bin Lalmih, chorak finalda belaruslik Artur Tuniyev, yarim finalda qirg‘izistonlik Aqnazar Jildizbek ulu, finalda AQSh vakili Gabriyel Floresni mag‘lubiyatga uchratib, birinchi o‘rinni egalladi.
Vazni 63 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida qatnashgan Temur Merjanov o‘z vazn toifasida dunyoda tengsiz ekanini isbotlab, muxlisu mutaxassislar ishonchini oqladi. U saralash bahslarida norvegiyalik Tord Jonson, germaniyalik Richard Meynix, chorak finalda shotlandiyalik Tayler Jolli, yarim finalda AQSh vakili Leon Lauson, hal qiluvchi bahsda rossiyalik Usmon Aliyev ustidan g‘alaba qozonib, jahon chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
G‘olib sportchilarimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.
Hamyurtlarimizdan Dilshod Ro‘zmetov va Qosimxon Qosimov o‘z vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Halimbek O‘tegenov, Yahyoxon Saidxonov va Profsor Rorimsha bronza medal bilan taqdirlandi.
Jahon chempionatida jami yetti medalni qo‘lga kiritgan terma jamoamiz umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.