Yosh avlod salomatligi ustuvor vazifa
Mamlakatimizda yosh avlodning salomatligiga davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qarab kelinmoqda.
Aholining salomatligini muhofaza qilish masalalari mintaqaning ekologik muammolari oqibatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Orolbo‘yida bu ish alohida ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy tibbiy infratuzilmani rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va bolalarga ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirish sog‘liqni saqlash tizimining eng muhim vazifalari hisoblanadi.
Qoraqalpog‘istonda Bolalar milliy tibbiyot markazining Orolbo‘yi klinikasi negizida Bolalar kasalliklari bo‘yicha Orolbo‘yi tibbiyot markazi tashkil etilgani bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda markaz mintaqadagi kichik bemorlarga zamonaviy diagnostika va davolash usullarini ularning yashash joyiga yaqinlashtirgan holda sifatli yuqori texnologik yordam ko‘rsatishga qaratilgan.
Klinika ochilganidan buyon yangi tibbiyot muassasasiga bo‘lgan talab va samaradorlikni yaqqol ko‘rsatuvchi ko‘rsatkichlarga erishdi. Yil boshidan buyon klinikada tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha turli murakkablikdagi 1000 dan ortiq jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
[gallery-29869]
Ayniqsa, mutaxassislarning yuqori malakasi va zamonaviy uskunalarni talab qiladigan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari muhim ahamiyatga ega. Shunday qilib, klinikada 67 ta ochiq yurak jarrohlik amaliyoti va onkogematologik yo‘nalishi bo‘yicha 6 ta jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Yaqin-yaqingacha bunday tibbiy yordam olish uchun ko‘plab oilalar viloyat tashqarisidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga murojaat qilishga majbur edi.
Hozirda, Orolbo‘yi klinikasini tibbiyot fanlari doktori Feruz Homidov boshqarmoqda. U Buxoro davlat tibbiyot institutini, so‘ngra Toshkent tibbiyot akademiyasi magistraturasini tamomlagan. Koreya Respublikasining Chonnam Milliy universiteti doktoranturasida o‘qishni davom ettirdi. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi jarrohi sifatida boshlagan. Keyingi yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmalarida faoliyat yuritib, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam, davlat-xususiy sheriklik, fan va ta’limni rivojlantirish masalalari bilan shug‘ullangan.
To‘plangan tajriba unga yangi tibbiyot muassasasining shakllanishiga sezilarli hissa qo‘shish imkonini berdi. Uning rahbarligida klinikada zamonaviy diagnostika va davolash usullari izchil joriy etilmoqda, yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari kengaymoqda, tibbiyot xodimlari ishini tashkil etish takomillashtirilmoqda. Raqamli texnologiyalarni joriy etish, telemeditsinani rivojlantirish, diagnostika va davolash jarayonida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Bugungi kunda Orolbo‘yi klinikasi jamoasi oldida ulkan vazifalar turibdi. Bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, tibbiy xizmat ko‘rsatishning xalqaro standartlarini joriy etish, ilmiy va amaliy kadrlar tayyorlash shular jumlasidan. Albatta, innovatsion texnologiyalarni qo‘llashni kengaytirish va muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, – deydi Feruz Hamidov.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.