Yosh atletimiz Osiyo chempionatida yana bir medalni qo‘lga kiritdi
Hong Kongda yengil atletika bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati davom etmoqda. Musobaqaning navbatdagi kuni ham O‘zbekiston terma jamoasi vakillari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, hamyurtimiz Sarvar Meyliyev uzunlikka sakrash bahslarida 7,60 metr natija qayd etib, O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga navbatdagi bronza medalni taqdim etdi. Atletimiz uchun ushbu natija xalqaro maydondagi yana bir muhim yutuq sifatida qayd etildi.

Ma’lumot uchun, ayni damda termamiz hisobidagi medallar soni 1 ta kumush va 2 ta bronzani tashkil etmoqda. Kuni kecha 5000 metr masofaga yugurish bahslarida Timur Nasimov kumush, 3000 metrga to‘siqlar osha yugurish dasturida Sadafbonu Nusratilloyeva bronza medalga sazovor bo‘lgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA