Yosh agronomlar tajriba almashdi
Bugun agrar sohada nazariy bilimning o‘zi yetarli emas. Zamonaviy texnika va texnologiyalarni amaliyotda qo‘llay oladigan, yer va ekin bilan ishlash sirlarini bevosita dala sharoitida o‘zlashtirgan mutaxassisgina yuqori natijaga erishadi. Agrar sohada ishning ko‘zini biladigan, zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq eta oladigan malakali kadrlarga talab yuqori.
Shu nuqtai nazardan, yoshlarning ta’lim jarayonida olgan bilimlarini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirishi muhim. Oqoltin tumanidagi «Bobur qishloq xo‘jaligi» klasterida Toshkent davlat agrar universiteti talabalarining «Yangi agronom» dasturi doirasidagi amaliy mashg‘ulotlari ham shu maqsadga qaratilgan.

Dual ta’lim asosida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda talabalar nazariy bilimlarini dala sharoitida sinab ko‘rmoqda. Ular ekinlarni parvarishlash, agrotexnik tadbirlarni tashkil etish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish jarayonlarida bevosita ishtirok etib, o‘z tajribalarini boyitishmoqda.

Tuman hokimi Husnitdin Suvonov amaliy mashg‘ulotlar jarayoni bilan dalada tanishib, talabalar bilan muloqot qildi. Yoshlarning agrar sohaga qiziqishi, amaliy bilim va ko‘nikmalari bilan tanishib, ularning fikr va takliflarini tingladi.

Muloqotda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlarni zamonaviy agrotexnologiyalarga o‘rgatish va sohada o‘z o‘rnini topa oladigan kadrlarni tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Dalada olingan tajriba auditoriyadagi bilimni boyitadi. Bugun yer bilan ishlab, uning holatini o‘rganayotgan, zamonaviy texnika imkoniyatlarini o‘zlashtirayotgan talaba ertaga agrar sohada zarur amaliy tajribaga ega mutaxassis bo‘lib yetishadi.

Tadbirda Toshkent davlat agrar universiteti rektori Narzullo Oblomurodov hamda «Bobur qishloq xo‘jaligi» klasteri rahbari Shavkat Muqimovlar ham ishtirok etishdi.

— Agrar sohada yaxshi natijaga erishish uchun nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy tajriba ham zarur. Bugun klasterda dual ta’lim asosida tajriba orttirayotgan talabalar yer bilan ishlash, zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish jarayonlarini bevosita amaliyotda o‘rganmoqda. Bu ularning kelgusida malakali agronom bo‘lib yetishishida katta ahamiyatga ega.

Yosh mutaxassislar ishlab chiqarish jarayonini qancha erta va chuqurroq o‘zlashtirsa, sohadagi muammolarga yechim topish, zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash va samarali natijaga erishish imkoniyati shuncha kengayadi. Shu bois ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarur, — dedi tuman hokimi Husnitdin Suvonov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri