Yor va bahor tarannumi
O‘zbek xalqi dunyoga ko‘plab buyuk allomalarni yetkazib bergan.
Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligiga
O‘zbek xalqi dunyoga ko‘plab buyuk allomalarni yetkazib bergan. Buyuklik zamon va makon tushunchalarini tan olmaydi, deyishadi. Haq gap. Besh asr muqaddam hazrat Navoiy qalamlaridan quyilgan o‘tli misralarni ulug‘ hofizimiz ijrosida tinglaganda, shu haqiqatga imon keltiraman.
Sumbulin Layli ochibdir, yel abir oso emas.
Dog‘ini Majnun qonatmish, lolayi humro emas.
Bu baytlar hofizning shirali ovozida o‘ta ajib va najib taronaga aylangan. Qo‘shiqning ilk misralariyoq kishini xayolot olamiga chorlaydi: Bahor chog‘i. Turfa gullar qulf urgan chaman. Bu manzarani ehtimolki, mingta shoir ming xil tasvirlagan bo‘lardi. Lekin, Hazrat Navoiyning tasviri bo‘lakcha. Chamanda gul islarini taratib yurgan mayin yel xuddi Laylining ochilgan sumbul sochlariga o‘xshaydi. Lola ham shunchaki qip-qizil lola emas,u Majnunning qalb jarohatidan oqqan qon.
Nastaran ko‘zgusida bir sori men, bir sori yor
Chehra aksin ko‘rguzubdurbiz, guli ra’no emas.
Nastaran /siren/ – rangining tiniqligi, xushbo‘yligi bilan ajralib turadigan, ra’nodoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik butasimon gul. Mumtoz adabiyotda “Nastaran ko‘zgusi“ tiniqlik, oydinlik timsoli sifatida tilga olinadi. Bu ko‘zguda yor aksi ko‘ringach, yanada go‘zal va betakror manzara kasb etadi. Bu jannatiy go‘zallik qarshisida guli ra’no – ra’nogulning malohati ham hech narsa bo‘lmay qoladi. Nastaranning bir tarafi yor chehrasidek tiniq, oppoq, ikkinchi tomoni esa, uning hajrida kuygan oshiqning dardmand yuzidek sarg‘aygan...
Qo‘shiq avjiga chiqqan sari yuragingiz qatlaridagi mudroq hislar uyg‘ona boshlaydi.
Gulga o‘xshatgan uchun yorimni go‘yo, bog‘ aro,
Muztarib ko‘ngul qushidur, bulbuli shaydo emas.
Mumtoz adabiyotda gulni /atirgul/ ko‘proq yorga, uning qirmizi yonoqlariga qiyoslashadi. Biroq, oshiqning ko‘ngil qushi bu noo‘rin o‘xshatishdan o‘zi uyalib, bulbuldek iztirob chekayotir. Aslida bog‘da afg‘on chekayotgan ham bulbulning o‘zi emas, oshiqning pushaymonlikda o‘rtanayotgan qalbidir. Alqissa: yor guldan ming karra chiroyliroq.
Keyingi misralarda tasvirlar yanada tiniqlashadi.
Sumbul ustidin nasim esgach, nigorim turrasin
Yod qildimki, dimog‘ oshuftadur, savdo emas.
Ya’ni nasim, mayin shabboda sumbul ustidan esib, uning xushbo‘y hislarini urilgach, yorimning ro‘molini esladim va dimog‘im oshufta bo‘ldi, savdo qo‘zg‘aldi. Endi shu baytga chuqurroq yondashaylik. Sumbul sharq tabobatida shifobaxsh giyohlardan sanaladi va uning hidi savdoni haydash, ya’ni qon qo‘yqasini qo‘zg‘atish xususiyatiga ega. Baytdagi savdo ham ikki xil ma’noda kelyapti. Birinchi ma’nosi inson vujudidagi holat, ikkichisi – ishq savdosi. Ikki o‘rinda she’rning ma’nosi chiroyli chiqadi. Sumbul hidini taratgan shabboda badandagi savdoni uyg‘otsa, yor sochi silagan turra – ro‘mol dildagi savdolarni qo‘zg‘atadi, shirin hislarni yodga soladi.
Nargis oltun jomining ollida kofuriy harir
Pardai jonimdurur, marhun qadahpolo emas.
Nargisning xuddi oltindek tovlanib turgan sap-sariq, e’tibor qilsak, uning gulkosasi hazrat Navoiy aytganlaridek, yuza qismiga oppoq harir parda tortilgan qadahni esga soladi.
Qadimda mayning quyqasini ushlab qolish uchun qadah ustiga dokadek nafis mato tutilgan. Bu mato “qadah polo“ ya’ni qadah suzgich deb nomlangan. Shoirning hassosligini, tashbehga ustaligini ko‘ringki, nargis guli ustidagi nafis parda xuddi ana shu “qadahpolo“ga o‘xshatilmoqda.
Navoiy bu o‘xshatishdan qanoat hosil qilmaydi. Aslida nargis yuzidagi “harir“ oshiqning ma’shuqaning nargismonand ko‘zlariga oshufta bo‘lgan omonatgina jon pardasidir.
Dema, afg‘onimda bulbul nolasidin yo‘q nishot.
Bu ham anduhzo emas, gar ul nishotafzo emas.
Ya’ni: fig‘onimni ko‘rib, “nega bulbul xonishidan zavqlanish o‘rniga g‘am chekayotirsan“, deb so‘rama. Agar bu – mening ohu zorimda shodlik nishonasi yo‘q ekan, unda – bulbul xonishida ham g‘am-anduh asari sezilmayapti.
Hofiz shu baytda aks etgan chuqur ma’noni his etib kuylagani, qo‘shiq ohanglaridanoq yaqqol aksini topadi. Beixtiyor dimog‘ingizga sumbul hidi oqib kiradi.
Gulni sarv uzra xayol etdim ko‘ngul gulzorida
Rost aytay, sarvi gulruyim kabi zebo emas.
Gulni ma’shuqaning yuziga, sarv esa, uning tik qaddi-qomatiga mengzaydi. Demak, bu ikki o‘xshatishni birlashtirish uchun, atirgulni sarv daraxtining tepa qismida deb xayol qilish kerak. Ogahiyning mana bu mashhur bayti ham hazrat Navoiyning shu g‘azalidan ilhomlanib yozilgan bo‘lsa ehtimol.
Qilgil tamosho qomati zebosi birla orazin
Gar ko‘rmasang gul bo‘lg‘anin payvand shamshod ustina.
Siz ham tasavvur qildingizmi? Tabiat mo‘jizasi ila sarvning tepa qismida bir juft atirgul ochilib tursa... Yo‘q, shoirga bu o‘xshatish yoqmaydi. Bari bir bu “mo‘jiza” gulyuz, sarvqomat ma’shuqaning malohatiga teng kelolmaydi.
Bo‘lmangiz mag‘ruri husn, ey sho‘xlarkim, bog‘ aro
Siz kabi bilturgi gullardan biri paydo emas.
Mumtoz adabiyotga oshno qalblar bu misralarni buyuk hofiz ijrosida eshitsalar, dildan oh tortib yuborishlari tayin. Axir bu o‘rinda hayotning davomiyligi, yoshlik va go‘zallikning o‘tkinchiligi naqadar ajoyib tarzda ifoda etilgan. “Ey sho‘x sanamlar husningizga mag‘rur bo‘lavermang, manavi bog‘da bultur ham hozirgidek go‘zal gullar qulf urgandi, endi ularning o‘rnini yangilari egallagan, siz xam xuddi shu gullar singari ertaga boshqalarga o‘rin bo‘shatib berasiz“.
Darhaqiqat, qanchalik dono, nafis va... shafqatsiz so‘zlar. Hofiz ham bu satrlarni shunchalik fig‘on ila kuylaydiki, beixtiyor mijjalarga yosh qalqadi.
Menga gulrux soqiyu bulbulga gul tutmish qadah
Mast erur ul ham Navoiydek vale rasvo emas.
Bog‘ sayri oshiqni ham mislsiz zavq-shavqqa soladi. Gul bulbulga, gulgun yuzli yor esa, oshiqqa qadah tutadi. Bulbul ham sarmast nola chekadi, lekin, u Oshiq ya’ni Navoiy kabi mast bo‘lolmaydi.
Ushbu g‘azal hazrat Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar“ (Kichiklik g‘aroyibotlari) devonidan olingan. Shoir uni yigitlik chog‘ida raqam qilgani uchun g‘azal boshdan oxiriga kadar bog‘ sayri, bahor manzaralari, yoshlik zavqi, ishq sururi haqida bahs yuritadi.
G‘azal besh asr mobaynida minglab millionlab she’riyat muxlislari tomonidan yuksak hayrat bilan o‘qib kelingan. Ehtimol, asrlar davomida o‘nlab hofizlar, mug‘anniylar tomonidan kuyga ham solingandir. Biroq, XX asrda g‘azal hofiz ijrosida xar jihatdan mukammal, haqiqiy san’at asariga aylandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.