Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida naqdsiz tushumlar hajmi ma’lum qilindi
Markaziy bank 1–2-aprel holatiga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida naqdsiz tushumlar hajmi va to‘lov usullari bo‘yicha tahlilni e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, mart oyida o‘rtacha kunlik tushum 102,6 milliard so‘mni tashkil etgan. Shundan 58,1 foizi naqd pul, 41,9 foizi naqdsiz shaklda amalga oshirilgan.
Aprel oyining dastlabki ikki kunida tushumlar sezilarli darajada oshgan. Jumladan, 1-aprel kuni — 93,2 milliard so‘m, 2-aprel kuni — 152,6 milliard so‘m tushum qayd etilgan.
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, naqdsiz tushumlarning qariyb 90 foizi amaldagi bank kartalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu aholi o‘rtasida plastik kartalardan foydalanish darajasi yuqori ekanini hamda raqamli to‘lovlarga ishonch ortib borayotganini ko‘rsatadi.
QR-kodlar orqali to‘lovlar 1-aprel 8,2 milliard so‘mni, 2-aprel 7,7 milliard so‘mni tashkil etgan. Moment kartalar orqali 1-aprel 1,6 milliard so‘m, 2-aprel 3,6 milliard so‘m (keskin o‘sish)ni tashkil etgan.
Yoqilg‘i kartalari orqali esa 1-aprel 2,4 milliard so‘mni, 2-aprel 2,5 milliard so‘mni tashkil etgan. Mavjud bank kartalari orqali 1-aprel 80,9 milliard so‘m, 2-aprel 138,6 milliard so‘mni tashkil etgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar mamlakatda naqdsiz hisob-kitoblar ulushi izchil ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA