Yonimizdagi yozuvchi: Habib Siddiq (+video)
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Abdurahmon PIRIMQULOVning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibi, taniqli hajvchi adib, olim, publitsist, dramaturg va tarjimon Habib SIDDIQ ijodi haqidagi “Yonimizdagi yozuvchi” deb nomlangan kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda so‘z olganlar kitob muallifi serqirra adibning ijodini atroflicha tahlil qilishga, ijodiy portretini yaratishga intilganligini va bunga erishganligini ta’kidladilar.
Yozuvchi Habib Siddiq nomi adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish. Adibning “To‘qayga o‘t tushsa”, “Kim oshdi savdosi”, “Bedavo dardning davosi”, “Inglizcha tush”, “Chirog‘i yoniq xonadon”, “O‘raga sichqon tushdi”, “Hayot yo‘lga o‘xshaydi”, “Xo‘jalik hisobidagi oila”, “Nimkosa, “Saylanma” kabi nasriy va publitsistik kitoblari, “Yaxshilar ko‘p dunyoda, “Labbay, xo‘jayin...” nomli qissalari chop etilgan, dramatik asarlari poytaxt va viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan, muhlislar e’tiborini qozongan.
Tadbirda taniqli adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdilar.
Taqdimot so‘nggida yozuvchi Habib Siddiq va adabiyotshunos olim Abdurahmon Pirimqulov so‘zga chiqib tadbir tashkilotchilari va qatnashchilariga minnatdorchilik bildirdilar, faol ishtirokchilarga kitoblar ulashdilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XWRTe3m-WF4" title="Yonimizdagi yozuvchi: Habib Siddiq" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA