Yong‘indan ogohlik – xavfsiz hayot garovi
Mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, xususan, is gazidan zaharlanish va boshqa favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida, respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 30 yanvariga qadar “Xavfsiz xonadon” oyligi o‘tkazilmoqda.
Joylarda aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlar, tushuntirish va ogohlantirish ishlari keng qamrovda tashkil etilmoqda. Jumladan, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Majnuntol mahallasi hududidagi yashash xonadonlarida olib borilgan tadbirlar davomida qish mavsumida is gazi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari, ularning oldini olish choralari, xonadonlarda gaz va isitish jihozlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga qat’iy rioya qilish, yong‘in, chaqnash, botulizmdan zaharlanish hamda boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, zilzila vaqtida qanday harakatlanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Isitish pechini o‘rnatish tartibi, suyultirilgan gaz ballonlardan foydalanish va sandalni ishlatish qoidalari haqida tushuncha berilib, sodir bo‘lgan noxush holatlardan misollar keltirildi. Qolaversa, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, xonadonlarni ko‘rikdan o‘tkazish, xavf omillarini barvaqt aniqlash hamda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab olindi.

Shu kabi tadbirlar Namangan shahridagi 6-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida o‘qituvchi muallimlar va o‘quvchi yoshlar ishtirokida yong‘in, chaqnash, is gazidan zaharlanish, zilzila va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan suhbat o‘tkazilib, tadbir ishtirokchilarini sohaga oid qiziqtirgan savollariga javoblar qaytarildi.

Shuningdek, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Yangiobod mahallasi hududida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli binoda ishlayotgan quruvchilar bilan suhbatlashilib, jarayonda targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Xavfsiz xonadon” oyligi doirasida xonadonlar, qurilish va ijtimoiy soha ob’ektlari, bozorlarda tushuntirish ishlari davom etmoqda. Bu o‘z navbatida, aholi salomatligini muhofaza qilish, turli baxtsiz hodisalarning oldini olish, fuqarolarda xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Sovuq kunlarda har birimizdan mas’uliyat talab qilinadi. Elektr uskunasi ishlayotgan bo‘lsa, uni qarovsiz qoldirmang. Gaz uskunalarini mutaxassissiz o‘rnatmang. Pech yonishini nazoratsiz qoldirmang. Bir lahzalik e’tiborsizlik butun bir uyning, hatto oilaning taqdiriga daxl qilishi mumkin. Zero, yong‘indan ogohlik – xavfsiz hayot garovi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.