Yong‘inda yonmagan yovuzlik
Hayotda shunday vahshiyliklar uchraydiki, ular haqida yozganimizda nafaqat qalbimiz, hatto qog‘oz ham titraydi, ta’bir joiz bo‘lsa.
Farg‘onada yuz bergan biri fojia haqida ham shunday deyish mumkin.
1985 yilda turmush qilgan Muhabbat bilan Arslonning oilasi notinch edi. Ularning o‘zaro urush-janjali tugay demasdi. Farzandlar ham er-xotin munosabatini o‘zgartira olmadi. Aksincha ular nosog‘lom muhitning mevasi bo‘lib ulg‘ayishdi. Janjallardan to‘yib ketgan ona farzandlari bilan uydan ham ketdi.
Narimon ikki qizdan keyin dunyoga kelgan yagona o‘g‘il. Ikki opasini tog‘asining uyidan uzatishganda uning dili vayron bo‘ldi. Bundan boshi xam bo‘lgan yigit yolg‘iz o‘zi yashayotgan otasining oldiga tez-taz boradigan bo‘ldi. Ota-onasini yarashtirish uning asosiy maqsadiga aylandi. Nihoyat, 12 yillik ayriliqdan so‘ng oila tiklandi. Bir qarashda hammasi risoladagidek bo‘ldi, ammo...
O‘rtada mehr bo‘lmasa, qiyin ekan. Bir uyda er-xotin emas, ikki alamzada yashayotgandek edi. Narimonning bir dardi o‘n bo‘ldi. Ota-onaning orasida qozi bo‘lishdan og‘ir ish yo‘qligiga amin bo‘lib, qilgan ishidan afsuslana boshladi...
Ota esa o‘g‘lidan nasihat eshitishni istamas, uni yoqtirmay boshlagan edi. Biroq, u o‘g‘lining qalban ezilishi, hovlining orqasiga o‘tib unsiz yig‘lab-yig‘lab olishini bilmasdi ham, his etmasdi ham. Uning ko‘ziga na farzand, na nabiralar ko‘rinmasdi.
Qalbini yovuzlik egallagan Arslon qarindoshining to‘yidan kechroq qaytarkan, shirin uyquda yotgan ahli oilasi, ya’ni ayoli va o‘g‘lining halovatini hazm qila olmadi. U to‘yda spirtli ichimlik ichgan, uyga mast holda kirib kelgan edi.
U oshxonaga kirib suv ichib chanqog‘ini bosganday bo‘ldi. Ammo bo‘g‘zidagi achchiq alamzadalik bosilmadi. Qora tun ham uni yovuzlikka gij-gijlayotgandek bo‘ldi. Paypaslab oshxona pichog‘ini qo‘liga oldida, o‘g‘lining xonasi tomon yurdi...
Vahimali tovushlardan cho‘chib uyg‘ongan Muhabbat sapchib o‘rnidan turib o‘zini o‘sha tomon urdi. O‘g‘lining ustiga tashlanib pichoq o‘ynatayotgan erining qo‘liga yopishdi. Bu holdan battar quturgan erkak pichoqni ayolning to‘g‘ri kelgan yeriga sanchib olaverdi... Yuz berayotgan fojiadan qora tun battar qora tortdi...
Insonning qadr-qimmati o‘z yo‘liga, ammo mayitning xo‘rlanishiga na shariat, na tariqat chidaydi.
Arslon qilmishini yashirish ilinjida avval o‘g‘li, keyin ayolining jasadini sudrab molxonaga olib bordi. Go‘ng tashlash uchun mo‘ljallangan salkam bir metrlik chuqurlik oldiga jasadlarni hech bir ikkilanishsiz birin-ketin tashladi va ustidan gung-tuproq tortdi...
Shundan so‘ng avval kiyimini almashtirdi. Keyin uydagi qon izlarini yuvib, tozaladi.
Tong yorishib borar, u qilgan ishidan biroz karaxt bo‘lib o‘yga tolib o‘tirarkan, ichkari uydan chiqqan yig‘i tovushidan qo‘rqib ketdi. O‘zini o‘nglab ulgurmagan ham ediki, 3 yashar nabirasi ostonada yig‘lagan ko‘yi paydo bo‘ldi. Qizaloq uyg‘onganida yonida buvisining yo‘qligidan qo‘rqib ketgan edi. Shunday qo‘rqqandi-ki, murg‘akkina ovozi butun hovlini tutardi.
Arslon beixtiyor o‘rnidan turdi. Sudralib borib nabirasini quchdi va yelkalari silkina-silkina unsiz faryod soldi. Go‘yo shu on u g‘aflatdan uyg‘ondi, nimalar qilib qo‘yganini anglab, tipirchilar edi.
Nabirasini olib qizinikiga yo‘l olgan Arslon yo‘l-yo‘lakay qiziga nima deyish haqida o‘ylab borardi. Axir qizi onasini so‘rasa, nima deydi?
– Onang akang bilan Rossiyaga ketibdi!
– Ie, n...nega, bunday gap yo‘q ediku?
– Eee, men bilmadim!..
Qizning ko‘ngliga sovuq gumon oraladi. Beixtiyor, “Alloh asrasin”, degan kalom tilidan uchdi. Uch kun o‘tgach birovga unday, birovga bunday “axborot” berib yurgan, xavotirda uyiga kelgan qizlarining oldida dovdiragan Arslon chin ma’noda halovatini yo‘qotgan edi.
To‘rtinchi kunga o‘tar kechasi esa go‘yo o‘t ketdi qabilida butun uyiga kerosin sepib yoqib yubordi. O‘zi hech nima bo‘lmaganday ko‘chaga chiqib ketdi. Ammo Arslon yong‘in sodir bo‘lgan joy o‘rganilishi, sabablari qidirilishi haqida o‘ylab ko‘rmagan edi.
Tegishli organlarning mutaxassislari o‘tkazgan o‘rganishda ko‘pchilikni gumonga qo‘ygan mudhish holat fosh bo‘ldi! Chunki chiqindi chuqurida yotgan yovuzlik qurbonlari yonmagan edi!
Umrining 60 yilini yashab o‘tgan Arslon Aminov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan yigirma yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Hayot atalmish ne’matdan bahra olib yashash o‘rniga, uni jahannamga aylantirgan odamning qolgan umri qora panjalar ortida o‘tadigan bo‘ldi.
Har ishning o‘z xotimasi bor va unga qarab yo rag‘bat, yo mukofot, yoinki jazo muqarrar. Har bir ishdan esa tegishli xulosani ham olish mumkinki, bu kishilarni tavba deyishga, oilada tarbiyani, muhitni shakllantirishda nihoyatda hushyor bo‘lmoqlikka undaydi.
Shu ma’noda jamiyatimizni bu kabi illat, jinoyat, alamzadalik va fosiqlikdan asrash muddaosi, mas’uliyati barchamizda birdek bo‘lmog‘i kerak. Zotan, yuqoridagi musibat hech qachon boshqa takrorlanmasin.
Akrom ARIPOV,
Oliy sud bosh konsultanti.
O‘zA