Yo‘lsozlar tibbiy ko‘rikdan o‘tdi
Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi kasaba uyushmasi tashabbusi bilan soha xodimlari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Sohada faoliyat olib borayotgan xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, salomatligini muhofaza qilish, ularning ish samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda boshqarma xodimlari hamda bir guruh ishchi-xizmatchilarning salomatligi bepul ko‘rikdan o‘tkazildi.
[gallery-17201]
Viloyat tibbiyot muassasasining malakali shifokorlari tomonidan o‘tkazilgan ko‘rikda xodimlar terapevt, kardiolog, oftalmolog, lor, travmatolog, dermatolog, endokrinolog singari 10 dan ortiq turdagi ixtisoslik bo‘yicha ko‘rikdan o‘tdi. Bundan tashqari, yo‘lsozlar umumiy qon, qand tekshiruvi hamda rentgen, UZI, EKG tekshiruvlaridan ham o‘tkazildi.
Ko‘rik davomida turli kasalliklari borligi aniqlangan xodimlarga davolanish hamda salomatligini tiklash bo‘yicha taklif, tavsiya va maslahatlar berildi.
Shuningdek, ko‘rik davomida sog‘lom turmush tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, soha xodimlarining tibbiy bilimlarini oshirish yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari