Yollanma ishchining qanday huquqlari bor? (+video)
Bugunning gapi
Bugun uch-to‘rt so‘m mablag‘ topib, ro‘zg‘orini tebratish, farzandlarini uyli-joyli qilish, o‘qitish maqsadida minglab erkaklar oilasi bag‘ridan uzoqda yashab, mehnat qilmoqda. Gap faqat xorijda ishlayotgan vatandoshlarimiz haqida emas. Turli viloyatlardan kelib poytaxtimizdagi qurilishlarda yollanma ishchi sifatida mehnat qilayotganlar ham oz emas.
Ular qanday sharoitlarda yashaydi, ovqatlanadi, ishlaydi. Ularning mehnati, haq-huquqlari muhofaza qilinganmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
–Qo‘l ostimda 18-25 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlaridan kelgan 37 nafar ishchi bor,– deydi “Asl bunyodkor imkon biznes” MCHJ rahbari Asliddin Abduxairov. – Hozir poytaxtimizning qoq markazidagi Mustaqillik maydoni atrofida ta’mirlash ishlarini olib boryapmiz. Ish boshlashdan oldin ro‘yxat tuzilib, har bir ishchining yoshi, imkoniyatiga qarab ish taqsimlanadi. Ko‘p qavatli uylarni qurishda ish asosan kran orqali bajariladi. Ishchilardan xavfsizlik qoidalariga amal qilishi, boshiga maxsus kaska, oyog‘iga etik, beliga kamar taqib, qo‘lqop kiyishi talab etiladi. Yuqori qavatlarda telefon ishlatilmaydi. Ortiqcha sim, armatura yoki g‘isht bo‘laklari oyoqlariga ilinib qolmasligi uchun chiqindilar tez-tez tozalanadi. Kimningdir oilasida muammo bo‘lsa, ketishiga ruxsat beramiz, o‘rniga boshqa ishchi qabul qilinadi. Yangi kelgan ishchiga texnika xavfsizligiga rioya qilish tushuntiriladi. Ammo har bir insonning hayoti o‘z qo‘lida.
Og‘ir ish sharoiti haqida gap ketsa, negadir faqat xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimizning hayoti misol qilib ko‘rsatiladi. Mamlakatimizdagi qurilish tashkilotlarida yollanma ishchi sifatida mehnat qilayotgan aka-ukalarimizning hayoti, turish-turmushi binoyidekmi?
– O‘tgan yili namunaviy loyiha asosida uy qurayotgan qurilish firmasida yollanma ishchi sifatida ishladim,–deydi sirdaryolik Vohid ismli yigit. – Qurilish ishlari sentyabr oyida boshlandi. To uylar tikka bo‘lgunicha omonat qurilgan baraklarda yashadik. Na maxsus kiyim, na boshni himoyalash uchun kaska berilgani yo‘q. Qishni esa o‘zimiz qurgan, eshik-derazasi yo‘q uylarda o‘tkazdik. Qancha yigitlar kasal bo‘lib, qaytib ketdi. Qurilish firmasi bilan og‘zaki kelishuv asosida ishlardik, hech qanday qog‘ozga qo‘l qo‘yganimni eslay olmayman. Bu-ku mayli, oylab xususiy uy-joy qurilishlarida ishlab, yo prorabning muttahamligi, yo uy egasining nomardligi tufayli halol mehnat haqini ololmay yurgan tanishlarim qancha...
Falokat oyoq ostida deyishadi. Ba’zida kutilmaganda ishchilar orasida falokatga uchrash, noxush holatlarni boshdan kechirish ham sodir bo‘ladi. Aytaylik, biror ishchi yuqoridan yiqilib jarohat oldi yoki hayoti falokat bilan tugasa, uning haq-huquqlarini kim himoya qiladi?
Bandlik boshqarmasi xodimlari bergan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda har bir tumandagi bandlik markazlarida eng kamida 3 nafardan huquqshunos faoliyat yuritadi. Fuqaro yuridik shaxs yoki jismoniy shaxs qo‘l ostida ishlashidan qat’iy nazar, biror falokatga uchrasa, jarohat olsa, o‘zi ishlayotgan hududdagi bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat qilsa, Davlat mehnat texnik inspektorlari xodimlari uning huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi.
Demak, odam qayerda yashab, ishlamasin, o‘zi uchun qulay sharoit yaratib olish, uning o‘z qo‘lida. Keksalarimiz “Haqqini bilgan xor bo‘lmaydi”, deb bejizga aytishmagan, axir.
<iframe width="712" height="718" src="https://www.youtube.com/embed/CfTiNRz1lQs" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Nigora Rahmonova, Yoqub Meliboyev (video) O‘zA