Yo‘l qoidasi – umr foydasi
Keyingi yillarda yo‘llarda transport vositalarining ko‘payganligi, o‘z navbatida avtomobil boshqaruvida haydovchilardan o‘ta hushyorlikni talab etmoqda.
Ba’zida haydovchilarning hushyorlikni unutib, yo‘l qoidalariga amal qilmasligi yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishiga olib kelmoqda.
Namangan viloyati hududida 2020 yilning o‘tgan 11 oyi davomida jami 622 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ayanchlisi, 152 kishi avtohalokat oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 160 kishini tashkil etgan edi.
Namangan viloyat IIB YHHB matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, viloyatda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalariga ko‘p hollarda texnik nosoz avtomobilda uzoq yo‘lga otlanish, harakat vaqtida uxlab qolish, tezlikni belgilangan me’yordan oshirish, avtomashinalarga keragidan ortiq yuk ortish hamda yo‘llarda, xususan, Qamchiq dovonida harakatlanish qoidalarini yetarli darajada bilmaslik sabab bo‘lmoqda.
[gallery-491]
Joriy yilning shu kuniga qadar Qamchiq dovonining o‘zida 40 ta avtohalokat ro‘y bergan. Ularning oqibatida 16 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 36 kishi jarohatlangan. Bu kabi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, zarur bo‘lgan chog‘da zudlik bilan yordam berish uchun Qamchiq dovonida jami 15 ta qutqaruv posti tashkil etilgan, ularning 10 tasi Namangan viloyati hududida joylashgan.
Shuningdek, viloyat YHXB xodimlari dovonda qishning sovuq kunlari yo‘lga chiqqan haydovchilarga biroz tin olib, qaynoq qahva ichishni taklif etmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat), O‘zA