Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga aholidan qanday murojaatlar tushmoqda?
Ichki ishlar vazirligi (IIV) yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga qanday e’tibor qaratilmoqda?
IIV axborot xizmati rahbari o‘rinbosari Nilufar Begmatova shu haqda ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda barcha harakat ishtirokchilari uchun xavfsiz va qulay shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Yurtimizda kuzatilayotgan iqtisodiy o‘sish va transport vositalarining importiga joriy etilgan imtiyozlar tufayli har yili transportlar soni 500-600 mingtaga ko‘paymoqda.
Mazkur omillar davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati sohasi bilan bog‘liq murojaatlar salmog‘i ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
2026-yil 7 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslar va ularning vakillari tomonidan 43 ming murojaat kelib tushdi. Ularning 33 ming 875 tasi qanoatlantirildi, 9 ming 105 tasiga tegishli tushuntirish berildi, 50 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lsa, 54 tasi rad etilgan va 62 tasi tugatilgan.
Murojaatlarni o‘z vaqtida qonuniy hal qilish va fuqarolarning ortiqcha ovora bo‘lmasligi maqsadida joriy yilning 7 oyi davomida joylarda o‘tkazilgan 117 ta “sayyor qabul”da jami 812 nafar fuqaroning murojaati eshitildi. 124 tasi jarimani bekor qilish, 113 tasi transport vositasini jarima maydonidan chiqarish, 38 tasi transport vositasini ro‘yxatga olish va texnik ko‘rikda o‘tkazish, 31 tasi transport vositasini qidirish va qaytarish, 294 tasi svetofor, yo‘l belgilarini o‘rnatish, sun’iy notekisliklar o‘rnatish, 21 tasi haydovchilik guvohnomasini olish, 43 tasi murojaatda keltirilgan hududda reyd tadbirlarini tashkil qilish, 22 tasi minnatdorlik, 86 tasi boshqa masalalarga oid bo‘ldi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, kelib tushayotgan murojaatlar salmog‘ini kamaytirishga doir bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2026-yil 1-iyundan avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mobil ilovasi yoki davlat xizmatlari markazlari orqali elektron murojaat qilish imkoniyati belgilangan.
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 208-son qarori bilan tasdiqlanib, “Fuqarolarga qulaylik yaratish va ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish maqsadida avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan elektron tartibda olib chiqish” imkoniyati yaratildi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qulaylik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirish bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, elektron murojaat qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida harakat ishtirokchilarining vaqtini tejash va ortiqcha ovoragarchilikdan qutulish hamda xavfsiz harakat qilishlari uchun bir qator qulayliklar yaratildi. Xususan, 15 ming 223 yo‘l belgisi, 162 svetofor o‘rnatildi, 1,8 million metr kvadratga yaqin yo‘l chiziqlari chizilib, harakat ishtirokchilari uchun yo‘llarda xavfsiz va ravon harakatlanish uchun qulayliklar yaratildi.
783 maktabda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinfxonalari tashkil etildi. Har kuni 1,5 mingdan ortiq yo‘l-patrul xizmati xodimlari yo‘l bo‘yida joylashgan 3 ming 334 umumta’lim maktablari oldida harakat xavfsizligini ta’minlashga jalb etildi.
Natijada mazkur maktablar oldida bolalar ishtirokida sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga erishildi.
N.Abduraimova, O‘zA