Yo‘lsoz korxonalar uchun yangi imtiyozlar
Milliy matbuot markazida mablag‘larni boshqarish, soliq solish va buxgalteriya hisobi bo‘yicha dolzarb masalalarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Milliy matbuot markazida mablag‘larni boshqarish, soliq solish va buxgalteriya hisobi bo‘yicha dolzarb masalalarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining hududlardagi 215 korxonasi vakillari ishtirok etdi.Seminarni o‘tkazishdan maqsad “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradigan korxonalar rahbar va mas’ul xodimlarini moliyaviy hisobotlarni yuritish va soliq solish masalalarida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar bilan tanishtirishdir. Jumladan, Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 3-martda qabul qilingan “Qurilish tashkilotlarini yanada rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq soha korxonalariga taqdim etilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlar, imtiyoz va preferensiyalar muhokama etildi.
– Ayni paytda mamlakatimiz avtomobil yo‘llarining uzunligi 184 ming kilometrdan ziyod, – deydi “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqarma boshlig‘i D.Tursunov. – Shuning 42 ming kilometrdan ortig‘iga kompaniyamiz tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda. Hududlarda 57 tuman bo‘limi mavjud bo‘lib, ular yagona avtomobil yo‘li tarmog‘ida transport vositalarining uzluksiz harakatlanishini ta’minlash borasida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bois mazkur korxonalar mablag‘larini boshqarish va ularni soliqqa tortish masalasi dolzarb ahamiyatga ega.
Seminarda avtoyo‘l korxonalarini yanada rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tuzilmasidagi korxonalar vakillari qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumot oldi.
– Taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, davlatimizning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi samarasida joriy yilda bir milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tejashga erishildi, – deydi “Sirdaryoavtoyo‘l” hududiy yo‘l-ekspluatatsiya tashkiloti bosh iqtisodchisi K.O‘rozboyev. – Iqtisod qilingan mablag‘ hududimizdagi yo‘llarning holatini yanada yaxshilashga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, 37 yangi maxsus mashina oldik.
Tadbir yakunida “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi mutaxassislari korxonalar vakillarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.