“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi”: 1 ming 664 nafar ishtirokchi test sinovlarida
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish hamda eng ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda o‘tkazilayotgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovi sohadagi yetuk kadrlarni aniqlash va rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni damda yurtimiz bo‘ylab mazkur tanlovning ikkinchi — viloyat bosqichi doirasida test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda tuman (shahar) bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 ming 664 nafar direktor o‘rinbosarlari va tarbiyachilar ishtirok etmoqda.

Tanlov jarayonlari ishtirokchilarning kasbiy bilim va malakasini yanada mustahkamlash, ularning pedagogik salohiyatini adolatli va shaffof mezonlar asosida baholashga qaratilgan. Test sinovlari orqali eng munosib nomzodlar keyingi bosqichga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, mazkur jarayonlar joriy yil 8-mayga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA