Yillab kutilgan natijaga deputat tashabbusi yo‘l ochmoqda
Aholi uchun qulay va xavfsiz yo‘l, avvalo, munosib turmush sharoitining muhim belgilaridan biri. Ayniqsa, yillar davomida ta’mirtalab holda qolib ketgan ichki yo‘llarni obod qilish mahalla aholisi uchun katta yangilikdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ham ana shunday muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga qaratilgan amaliy ishlar boshlanmoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 29-avgustdagi “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tashabbusli byudjet jarayonlarida g‘olib bo‘lmagan loyihalarning muhimligi va ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda, ajratiladigan mablag‘larni qaysi loyihaga yo‘naltirish masalasi deputatlar tomonidan o‘rganildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ruslan Djumamuratov tomonidan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan, juda dolzarb va aholini yillar davomida qiynab kelayotgan yo‘l muammolariga yechim topishga qaratilgan loyihalar qo‘llab-quvvatlandi.

Jumladan, “Altыn jag‘ыs” mahalla fuqarolar yig‘inining “Gulbo‘ston” va “Oltin suv” ko‘chalarining 1000 metr qismiga asfalt qoplamasi yotqizishni nazarda tutuvchi loyiha “Deputat tashabbusi” sifatida qo‘shimcha g‘olib deb e’lon qilindi. Mazkur loyiha 2026-yil 2-mavsum g‘oliblari qatorida amalga oshiriladi. Bu o‘zgarishlar aholi uchun, ayniqsa, yog‘ingarchilik, qor va noqulay ob-havo sharoitida harakatlanishda sezilarli qulaylik yaratadi.
– Haqiqatan ham bahor va kuz oylarida, yomg‘irli kunlarda ko‘chamizdan yurish qiyin edi. Ushbu muammolarni hal etish maqsadida “Gulbo‘ston” ko‘chasi aholisi bilan birgalikda “Tashabbusli byudjet” loyihasida ishtirok etdik. Lekin g‘olib bo‘la olmadik. Shunday paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga murojaat qildik. Deputatlar bizning murojaatimizni ijobiy hal qilib berdi. Hudud aholisining uzoq yillik muammosiga yechim topib bergan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Ruslan Djumamuratov va Ekologiya partiyasidan saylangan deputat Sapargul Utemuratovalarga minnatdorchilik bildiramiz, – deydi “Oltin suv” ko‘chasi ko‘chaboshisi Yaxiya Abdreymov.

Yana bir muhim loyiha Nukus shahrining “Do‘stlik guzori” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi J.Aymurzayev ko‘chasiga taalluqli. Shahar markazidagi ikki yirik ko‘chani bog‘lab turuvchi ushbu ichki yo‘lning bugungi holati, uning ahamiyatiga mutanosib emas edi. Yo‘lning ta’mirtalabligi nafaqat transport harakatiga, balki piyodalar va ko‘chada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga ham qator noqulayliklar keltirib chiqarayotgan edi.
Endilikda mazkur hududda 250 metr ichki yo‘lni asfaltlash va ta’mirlash, piyodalar yo‘lakchasi hamda yo‘l o‘tkazgichlarni tartibga keltirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu, avvalo, harakat xavfsizligi va qulayligini ta’minlashga xizmat qiladi. Yaxshi holatga keltirilgan yo‘l orqali aholining erkin harakatlanishi osonlashadi, transport qatnovi yaxshilanadi, tadbirkorlik sub’ektlari uchun ham qulay muhit yaratiladi. Eng muhimi, shahar markazidagi muhim bog‘lovchi yo‘lning obod qilinishi hudud infratuzilmasining umumiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Aslida, yo‘l shunchaki asfalt yotqizilgan hudud emas. U odamlarning ishiga, ta’lim muassasasiga, xizmat ko‘rsatish nuqtalariga, tadbirkorlik ob’ektlariga yetib borishini ta’minlaydigan muhim infratuzilma. Shu bois har bir ta’mirlangan yo‘l ortida aholining kundalik hayoti yengillashishi, vaqt tejalishi va harakatlanish uchun qulay sharoit yaratilishi mujassam.
Deputat tashabbusining ahamiyati ham shunda aholi murojaatlari va hududlardagi mavjud muammolar e’tibordan chetda qolmay, ularni amaliy loyihalarga aylantirish orqali aniq natijaga qadam qo‘yilmoqda.
Bugun ta’mirlanayotgan har bir yo‘l ertangi obod mahalla, qulay harakat va farovon hayot uchun qo‘yilayotgan muhim qadamdir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri