Yevronyus Yangi O‘zbekistonni dunyoga tanitmoqda
Jahon matbuoti sahifalarida
Euronews. O‘zbekiston Elektron OAV milliy assotsiatsiyasi Euronews bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirmoqda. Milliy assotsiatsiya tomonidan CNN, Euronews, BBC, “MIR», «Rossiya-24”, “Rossiya-K” kabi qator xorijiy telekanallar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Yangi O‘zbekiston. Yangicha nigoh” media-dasturiga muvofiq, dunyoning yirik medialari tomoshabinlarni Yangi O‘zbekiston haqidagi syujetlar, maqolalar, roliklar va eksklyuziv intervyular bilan tanishtirmoqda.
Masalan, Yevronyus saytida Yangi O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus sahifa ochildi. Unda O‘zbekistonga oid barcha materiallar, reportajlar va roliklar joylashtirib borilmoqda. Joriy yilda Euronews telekanalida Yangi O‘zbekiston to‘g‘risidagi 300 dan ortiq roliklar, 15 ta maxsus reportajlar ko‘rsatildi va 10 ta maqola chop etildi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti, energetika tarmog‘i, sport va yosh avlod, maktabgacha ta’lim, ma’naviyat va madaniyat sohalari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.
Yevronyus telekanali efirida “Kun tartibi” dasturi orqali O‘zbekiston Respubliki Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan intervyu taqdim etildi. Bu Euronews telekanalidagi eng muhim va obro‘li dasturlardan biri hisoblanadi. Telekanal muxbiri Polonskaya Sodiq Safoyev bilan Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga Prezident etib saylanganidan so‘ng mamlakatning qay darajada rivojlanayotgani, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha rejalari va mintaqa rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatishga intilayotgani haqida suhbatlashdi. Shuningdek, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan iqtisodiy hamkorligi, mamlakatda amalga oshirilayotgan global islohotlar, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlari kabi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlash joizki, “Yangi O‘zbekiston. Yangicha nigoh” dasturining asosiy vazifasi dunyo aholisini O‘zbekiston va bu yerda so‘nggi yillarda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan tanishtirish hisoblanadi.
Bizning “Jahon matbuoti sahifalarida” nomli yangi ruknimizga oid tilaklaringiz, taklif va fikr-mulohazalaringizni pochta@uza.uz manziliga yuborishingizni so‘raymiz.
I.Abdumalikzoda tayyorladi, O‘zA