Yevroittifoq Armanistonga 100 kishilik missiyasini joʻnatmoqda
Yevropa Ittifoqi kelasi haftada Armanistonga tarkibi 100 kishidan iborat boʻlgan missiyasini joʻnatadi, deya maʼlum qildi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen.
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining 23-yanvarda boʻlib oʻtgan majlisida Armanistonga fuqaro missiyasini tashkil etish masalasi maʼqullangan edi.
Missiyaning vazifasi chegaradosh hududlardagi vaziyatni barqarorlashtirishga yordam berish, Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash va oʻzaro ishonchni mustahkamlashdan iborat. Xabarda taʼkidlanishicha, missiya vakolati ikki yilga moʻljallangan boʻlib, uning tezkor shtabi Armanistonga joylashtiriladi.
Juma kuni fon der Lyayen Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. "YEI Armanistonning ishonchi hamkori hisoblanadi. Kelasi haftada Armanistonga 100 kishilik missiya joʻnatiladi, ular tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Biz demokratik islohotlar sohasida erishilayotgan muvaffaqiyatlarni qoʻllab-quvvatlaymiz va iqtisodiy investitsiya boʻyicha rejamiz doirasida kelgusida ham qoʻllab-quvvatlashni davom ettiramiz", - deyiladi mazkur uchrashuvdan keyin Twitterda eʼlon qilingan xabarda.