YeTTB: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 6,5 foizga o‘sishi kutilmoqda
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha navbatdagi prognozini e’lon qildi. Xalqaro moliya instituti baholashiga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 2026-yilda 6,5 foiz, 2027-yilda esa 6 foizga o‘sadi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston mintaqadagi eng barqaror va jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qolayotganini tasdiqlaydi.
YeTTBning Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha tayyorlagan yangi hisobotida qayd etilishicha, yil boshidan buyon mintaqada yuqori iqtisodiy faollik saqlanib qolgan. Ayniqsa, ichki talabning o‘sishi, investitsiyalar hajmining ortishi, qurilish ishlarining kengayishi hamda xizmat ko‘rsatish sohasidagi faollik iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilning birinchi choragida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,7 foizga o‘sgan. Bunday yuqori natija aholi daromadlarining ko‘payishi, iste’mol faolligining oshishi va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kuzatilayotgan ijobiy dinamika bilan izohlanadi.
Xususan, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar tomonidan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmining ko‘payishi hamda ish haqlarining o‘sishi xizmat ko‘rsatish sohasida talabni rag‘batlantirgan. Bu esa savdo, transport, aloqa va boshqa xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarining kengayishiga xizmat qilgan.
Sanoat sohasida ham ijobiy natijalar qayd etilmoqda. Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, sanoat ishlab chiqarishi 8 foizga, qurilish ishlari hajmi esa 15,5 foizga oshgan. Yirik infratuzilma loyihalari, uy-joy qurilishi va xususiy sektor investitsiyalarining faolligi qurilish sohasidagi o‘sishning asosiy omillaridan biri bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, YeTTB ekspertlari iqtisodiy o‘sish istiqbollariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tashqi xavflarga ham e’tibor qaratgan. Jumladan, Rossiya iqtisodiyotida ehtimoliy sekinlashuv, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy taranglikning davom etishi, energiya resurslari narxlarining o‘zgaruvchanligi hamda global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar mintaqa iqtisodiyotlari uchun asosiy xatarlar sifatida baholanmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Yaqin Sharqdagi mojarolarning cho‘zilishi nafaqat energiya bozorlariga, balki Rossiya va Xitoy kabi yirik iqtisodiy hamkor davlatlar iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu holat tashqi savdo, eksport hajmlari va investitsiya oqimlariga bosim o‘tkazishi ehtimolini oshiradi.
YeTTB prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti quyidagi sur’atlarda o‘sadi: Qirg‘iziston — 8,7 foiz, Tojikiston — 7,9 foiz, O‘zbekiston — 6,5 foiz, Turkmaniston — 6,3 foiz va Qozog‘iston — 4,7 foizga o‘sadi.
Tahlilchilarning fikricha, Qirg‘izistonda o‘sishga sanoat, qurilish va savdo sohalari hissa qo‘shayotgan bo‘lsa, Tojikistonda infratuzilma va energetika loyihalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Turkmaniston iqtisodiyotida neft-gaz tarmog‘i asosiy drayver bo‘lib qolmoqda. Qozog‘istonda esa qurilish va transport sohalari ijobiy dinamikani saqlab turgan bo‘lsa-da, neft qazib olish hajmining qisqarishi umumiy o‘sish sur’atlariga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti tashqi bosimlar va geosiyosiy xavflarga qaramasdan barqaror o‘sishni saqlab qolmoqda. Biroq uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash uchun investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xususiy sektor rolini kuchaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish hamda tarkibiy islohotlarni izchil davom ettirish muhim ahamiyat kasb etadi.
YeTTB xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlar mamlakatning o‘rta muddatli istiqbolda ham yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolishiga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA