Yetarli zaxira jamg‘arilmoqda
Qashqadaryo viloyatida noyabr oyining oxiriga qadar 17 ming 660 tonna kartoshka, 11 ming 557 tonna piyoz, 8 ming 664 tonna sabzi, 3 ming 882 tonna karam, 8 ming 143 tonna meva, 4 ming 762 tonna poliz mahsulotlari, 4 ming 775 tonna guruch, 1 ming 917 tonna dukkakli don zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.
Qashqadaryo viloyatida noyabr oyining oxiriga qadar 17 ming 660 tonna kartoshka, 11 ming 557 tonna piyoz, 8 ming 664 tonna sabzi, 3 ming 882 tonna karam, 8 ming 143 tonna meva, 4 ming 762 tonna poliz mahsulotlari, 4 ming 775 tonna guruch, 1 ming 917 tonna dukkakli don zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.– Ayni paytga qadar 40 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxiraga jamg‘arildi, – deydi Qashqadaryo viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasi qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Navro‘z Hakimov. – Ushbu muhim tayyorgarlik jarayoniga viloyatdagi yirik korxona va tashkilotlar, agrofirmalar, savdo bazalari, bozorlar, ijtimoiy soha tashkilotlari jalb etilgan. Kitob, Yakkabog‘, Shahrisabz va Qamashi tumanlarida belgilangan zaxira rejasi 85-90 foizga uddalandi.
Viloyatda qish va bahor oylari uchun 8 ming 800 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arish va saqlash “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasining hududiy savdo bazalari zimmasiga yuklangan. Mavjud 4 shunday korxonaning sovutish kameralarida bugunga qadar 5 ming tonnadan ortiq mahsulot jamg‘arilgan.
Buni “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi “Qashqadaryotijoratsavdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati ixtisoslashgan ulgurji hududiy bazasi misolida ham ko‘rish mumkin. Ulgurji baza omborxonalarida Germaniyadan keltirilgan uskunalar yordamida 3 ming tonnagacha meva-sabzavotni kuz-qish mavsumida saqlash imkoniyati yaratilgan.
– Har yilgidek bu yil ham qish-bahor mavsumi uchun zaxira jamg‘arish ishlariga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi mazkur ulgurji hududiy baza rahbari Ne’mat Ahmedov. – Ayni paytda 2,5 ming tonnaga yaqin qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arildi. Mahsulotlarni fermerlardan shartnoma asosida sotib olyapmiz. Joriy yilda 800 tonna kartoshka, 1 ming 100 tonna piyoz, 200 tonna sabzi, 950 tonna meva, 250 tonna guruch g‘amlashni mo‘ljallaganmiz.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish qish faslida ham bozorlar va dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlashga xizmat qiladi.