Yerlarning meliorativ holati yaxshilanmoqda
Buxoro viloyati gidrogeologiya va meliorativ ekspeditsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugunga kelib viloyatda 7 ming 813 kilometr uzunlikdagi kollektor va drenaj tarmoqlaridan foydalanilmoqda. Ular vositasida sizot hamda zax suvlarini qochirish, ekin yerlari meliorativ holatini yaxshilash, qolaversa, bino-inshootlarni talab darajasida saqlash, tuproq sho‘rlanishi va boshqa zararli omillarning oldini olishga doir qazish-tozalash, ta’mirlash ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.
Romitan tumanidagi “Mug‘iyon”, “Chavkar”, “Ko‘li Palos”, “Severniy”, “Mug‘oncha”, “Qo‘rg‘on” kabi kanal va kollektorlarda doimiy rekonstruksiya, mavsumiy tozalash ishlari bajariladi. Ayni kunda bu maqsadda respublika va mahalliy byudjet hisobidan 20 milliard 400 million so‘m ajratilgan bo‘lib, mazkur kanal va kollektorlarda qazish-tozalash ishlari o‘tkazilmoqda, kanal qismining 21,8 kilometr qismini betonlashtirish chora-tadbiri ko‘rilmoqda.

“Qo‘rg‘on” xo‘jaliklararo kanali 1970 yilda qurilgan bo‘lib, uzunligi 5,4 kilometrni tashkil qiladi. Bu xo‘jaliklararo kanal Romitan tumanning ekin maydonlarini sug‘orishda o‘zining katta ta’sirini ko‘rsatadi. Kanal betonlashtirilgan. Loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyati sekundiga 1,2 metr kubni tashkil qiladi. Kanalga bog‘langan maydon, ya’ni mazkur inshootdan sug‘oriladigan ekin yeri 1 ming gektardan ziyod. “Qo‘rg‘on” xo‘jaliklararo kanali tumandagi “Baxtiyorchi”, “Qo‘rg‘on”, “Azizon” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi aholi tomorqa yerlarini va o‘nga yaqin fermer xo‘jaligi ekin maydonlarini “obi hayot” bilan ta’minlashda katta ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda tubiga loyqa cho‘kib ko‘milishi va kanal betonlari to‘liq yaroqsiz holatga kelib qolganligi sababli “Qo‘rg‘on” xo‘jaliklararo kanali o‘zining nishabligi va o‘tkazuvchanligini yo‘qotgan. Dala-dehqonchilik ishlari mavsumida, parvarish davrida mazkur xo‘jaliklararo kanaldan talab darajasida foydalanish uchun u texnika va mexanizm yordamida 3 marta, qo‘l kuchi, hashar yo‘li bilan esa ikki marotaba tozalangan. Ammo shu kungacha kanalda mukammal rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmagan.

Shu boisdan, “Qo‘rg‘on” kanali to‘liq quvvatda ishlashi uchun “PK 0—PK 5-40” yo‘nalishida, ya’ni suv yo‘lining 5,4 kilometr qismida to‘liq betonlashtirish ishlarini bajarib, kanalning 12 ta gidrotexnik inshootini to‘liq qayta ta’mirlash, kanalning suv olish gidrouzelida joylashgan 1 ta gidrotexnik inshootini qayta ta’mirlash ishlari jadal olib borilmoqda.
Bu loyiha tufayli ekin yerlariga suv ta’minotini yaxshilash, aholi tomorqa maydonlari bilan birgalikda fermer xo‘jaliklarining hosildorligi va daromadini oshirish imkoniyati yaratilmoqda. “Qo‘rg‘on” kanalining belgilangan qismini to‘liq betonlashtirish ishlari “Uchtepa suv maxsus pudrat” MCHJ tomonidan so‘nggi bosqichda amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA