Yer munosabatlarida yangi tizim joriy qilinmoqda (+video)
Prezidentning 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-sonli Farmoniga muvofiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishning yangi tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilgandi. Yangi tizimda, yer maydonlari ixtisosligi belgilanmasdan savdoga qo‘yilib, yer ijarachilariga ekin turlarini mustaqil tanlash huquqi berildi.
Avvallari dehqonchilik qilaman degan fuqaro auksionda yerni yutib olishi, shundan so‘ng u yerda aynan belgilangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga majbur edi. Ya’ni, tanlov imkoniyati yo‘q bo‘lgan. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-sonli Farmoniga muvofiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishning yangi tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilgandi. Yangi tizimda, yer maydonlari ixtisosligi belgilanmasdan savdoga qo‘yilib, yer ijarachilariga ekin turlarini mustaqil tanlash huquqi berildi. Buning natijasida ijarachilarning yerdan foydalanish huquqlari yanada mustahkamlandi, ularning yer egaligiga bo‘lgan ishonchi oshdi hamda qishloq xo‘jaligi sohasiga qo‘shimcha sarmoyalar jalb etilishi uchun qulay sharoit yaratildi. Mazkur tizimning ijobiy natijalaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-aprelda yana bir farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, 2026-yil 1-maydan boshlab respublikaning barcha hududlarida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari yagona tartib yangi tizim asosida, ya’ni yer maydonlari ixtisosligi belgilanmasdan auksion savdolariga chiqarilishi belgilandi.
Shu va sohadagi boshqa o‘zgarishlar xususida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bosh mutaxassisi Abdulaziz Abdurayimov bilan suhbatlashdik.
- Aytingchi, yangi farmon qishloq xo‘jaligi mehnatkashlariga qanday yengilliklar berdi?
- Darhaqiqat, Prezidentimizning 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-sonli Farmoniga muvofiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishning yangi tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilgandi. Oldinlari yer maydonlari auksion savdolarga ma’lum bir ixtisoslik belgilangan holda beriladi. Masalan, bog‘dorchilik, paxtachilik, g‘allachilik yo‘nalishlari bilan aniq belgilanib chiqarilgan bo‘lsa, mazkur yangi tizim bo‘yicha hech qanday ixtisoslik belgilanmaydi. Yer ijarachisi bu joyga xohlagan ekin turini ekadi va mustaqil tanlash huquqi berildi.
Dastlabki bosqichda mazkur tizim bilan 25 ming gektardan ortiq maydonlar ijaraga berildi. Mazkur farmon yer munosabatlarida milliy manfaatlarni oshirishga xizmat qildi. Amaldagi yer ijarachilari yer maydonining 50 foizigacha qismidan ixtiyoriy voz kechgan taqdirda, qolgan qismi uchun yangi tizim asosida 49 yillik ijara huquqini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, joriy yil davomida 100 ming gektar yer maydonlari mazkur tartib asosida savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini chet ellik investorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishga hamda ularning auksion savdolarida ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi. Shu bilan birga, bunday shaxslar tomonidan yerdan foydalanuvchi yuridik shaxslar ustav kapitalidagi ulushlarni egallashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, chet ellik investorlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etilgan Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyalari orqali faqat yangidan o‘zlashtirish sharti bilan bo‘z, lalmi va yaylov yerlari ikkilamchi ijaraga berilishi belgilandi.
- Mazkur tizim orqali sanoatlashgan plantatsiya loyihalarini qo‘llab-qo‘vvatlash ko‘zda tutilganmi?
- Farmon doirasida sanoatlashgan plantatsiyalarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, 50 gektardan 500 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari sanoatlashgan plantatsiyalar tashkil etish uchun auksion savdolariga chiqariladi. Sanoatlashgan plantatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida infratuzilma xarajatlarining 1,5 mlrd so‘mdan oshmagan qismi Direksiya hamda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan Markaziy bank asosiy stavkasida 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi. Muzlatkichli omborxonalar tashkil etish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining 8 foizgacha qismi kompensatsiya qilinadi. Meva-sabzavot mahsulotlarini realizatsiya qilishda qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismi kompensatsiya qilinadi. Sertifikatlangan ko‘chatlarni xarid qilish xarajatlarining 50 foizgacha qismi uchun subsidiya ajratilishi belgilangan.
- Suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish mexanizmlari ham ko‘zda tutilganmi?
- Xususan, Suv resurslarini raqamli texnologiyalar asosida boshqarish hamda mavjud suv zaxiralarini real vaqt rejimida monitoring qilish bo‘yicha Germaniyaning «Green Central Asia» loyihasi doirasida ishlab chiqilgan «Modsnow» tizimi joriy etilmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida har bir kub metr suv hisobiga yaratilayotgan iqtisodiy qiymatni baholash tizimi joriy qilinishi belgilangan. Farmon bilan suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, suv sarfi yuqori bo‘lgan ekinlarni yetishtirishda zamonaviy usullarga o‘tish hamda yangi yerlarni o‘zlashtirishda suv resurslari imkoniyatlarini hisobga olish talablari belgilangan. Shu bilan birga qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish maqsadida xalqaro tajriba asosida pilot hududlarda raqamli aerokartalar yaratilib, har bir yer maydoni uchun eng maqbul ekin turlarini aniqlash mexanizmi joriy etiladi. Yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini baholashning KPI tizimi ishlab chiqilib, sohada natijadorlikni baholashning zamonaviy mexanizmlari joriy qilinadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_MoWCyiP0IU" title="Yer munosabatlarida yangi tizim ishga tushirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA