Yer degradatsiyasiga qarshi kurash
Buxoroda yerlar degradatsiyasi jarayonlarining oldini olish va unga qarshi kurashishga doir ko‘rgazmali seminar-trening tashkil qilindi.
Unda tumanlar qishloq xo‘jaligiga daxldor tashkilot, korxonalar mas’ullari, irrigatsiya va melioratsiya, sug‘orish tarmoqlari, shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklari, ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutasaddilari qatnashdi.
Tadbir Prezidentimizning joriy yil 10 iyundagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori mazmun-mohiyatini quyi bo‘g‘indagi tashkilot, idora va korxonalar mutasaddilariga yetkazish, unda qayd qilingan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratildi. Ta’kidlanganidek, ekin yerlari sifatining yomonlashishi, tuproq unumdorligi va hosildorligining keskin pasayishi ilmiy tilda yerlar degradatsiyasi deyiladi.

Qurg‘oqchil iqlim sharoitida yerlar degradatsiyasi ko‘p holda cho‘llanish jarayoniga o‘tadi. Bunda ko‘p yillik hosildor yer qisqa muddatda sahroga aylanishi mumkin. Yer degradatsiyasi tuproq funksiyasini o‘zgartiruvchi, uning xossalarini “buzuvchi va o‘ldiruvchi”, unumdorligini yo‘qotuvchi jarayondir. Yerlar degradatsiyasining quyidagi, ya’ni texnologik (uzoq muddat foydalanish natijasida), eroziya, sho‘rlanish, botqoqlanish, ifloslanish va cho‘llanish kabi turlari mavjud.
O‘zlashtirilgan unumdor sug‘oriladigan yerlarning o‘simliklari va unumdorligi yo‘qotilgan suvsiz hamda qurg‘oqchil, hayotsiz cho‘lga aylanishida yerlar degradatsiyasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jarliklar yoki kuchli sho‘rlangan yerlar, chorva yuradigan son-sanoqsiz so‘qmoqlar bilan kesilib ketgan va hech bir giyoh unmaydigan yonbag‘irlar, o‘rmonzori yo‘q qilingan katta hudud yoki chang bo‘ron, kuchli shamol vositasida harakatlanuvchi qum ko‘chishlari degradatsiyaning ko‘rinishlaridir. Dehqonchilikning noto‘g‘ri yuritilishi oqibatida ham tuproq degradatsiyasi kuzatiladi. Bunda katta muammo – yerga muttasil bir xil ekin ekishning keng tarqalganidir. Mineral o‘g‘itlardan noto‘g‘ri foydalanish tuproq tarkibini buzadi. Tabiiy chirindilar miqdorini kamaytiradi. Hosildorlikni pasaytiradi.
Shuningdek, suvdan maqsadsiz foydalanish, sug‘orish tarmoqlarida suv isrofgarchiligi juda kattaligi, drenaj tarmoqlarining yo‘qligi yoki yaxshi ishlamasligi, gidromelioratsiya va gidrotexnika tadbirlarining mukammal emasligi tufayli tuproqning haddan tashqari sho‘rlanishi, botqoqlanish, irrigatsion eroziyaga uchrashi hamda boshqa hodisalar kuzatiladi. Buning natijasida sug‘oriladigan yerlarning hosildorligiga putur yetadi. Muammoning yechimlaridan biri, ya’ni yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashda sug‘oriladigan yerlarda dukkakli o‘simliklardan keng foydalangan holda almashlab ekish usuli yaxshi samara beradi.

Almashlab ekishning foydasi, ekinlarni to‘g‘ri tanlash va navbatlashni organik va mineral o‘g‘itlarni sepish bilan birga olib borish tuproqdagi organik moddaning hosil bo‘lish va parchalanish jarayonini tartibga soladi, uning yetarli darajadagi muvozanatini tiklaydi.
Ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminari yakunida yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlari samaradorligini oshirish yuzasidan mas’ul-mutasaddi korxona va tashkilotlarga aniq topshiriq hamda tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA