Yengil sanoat yanada rivojlanadi
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov uyushma faoliyati va keyingi yillarda erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi.
Qaror va ijro
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 sentabrdagi «Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov uyushma faoliyati va keyingi yillarda erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 dekabrdagi farmoni bilan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tashkil etildi va tarmoqni rivojlantirish maqsadida uyushmaga bir qator vazifalar belgilab berildi. Unga muvofiq, yurtimizda yengil sanoatni rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda tarmoqda 7 mingga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Faol investitsiyaviy siyosat va ishlab chiqarish quvvatlarining oshirilishi tufayli keyingi yillarda asosiy xom ashyo bo‘lmish yuqori sifatli paxta tolasini yurtimizda qayta ishlash sezilarli darajada o‘sdi. Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasining 80 foizdan, ip kalavaning 45 foizdan ko‘prog‘ini qayta ishlash bo‘yicha quvvatlar yaratildi. 2018 yilda tayyor mahsulot eksporti hajmi 1,6 milliard AQSh dollariga yetkazildi va joriy yil yakuni bo‘yicha 2,2 milliard dollarga, 2025 yilda esa 7 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.