Yengil sanoat jadal rivojlanmoqda
Milliy matbuot markazida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va yengil sanoat korxonalarining eksport salohiyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Milliy matbuot markazida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va yengil sanoat korxonalarining eksport salohiyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Jahonga mashhur ishlab chiqaruvchilarning texnologik jihozlari bilan ta’minlangan, zamonaviy ishlab chiqarish komplekslariga ega O‘zbekiston yengil sanoati mahsulotlar eksporti ko‘lamini kengaytirmoqda. Tarmoqni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun maxsus strategiya ishlab chiqilgan. Bu borada investitsiyalar jalb qilish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor berish muhim omilga aylandi.
O‘zbekistonda boy xomashyo bazasi, yuqori malakali mutaxassislar, qulay investitsiyaviy muhitning mavjudligi, imtiyoz va preferensiyalarning amalda qo‘llanilayotgani yengil sanoatda investitsiyalar hajmini tobora oshirish imkonini berayotir. Chunonchi, so‘nggi uch yilda umumiy qiymati 575,3 million dollarlik va 215,8 million dollarlik eksport salohiyatiga ega 92 sanoat korxonasi ishga tushirildi. Buning samarasida 11,6 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan muhim loyihalar amalga oshirilayotir. Qo‘qon to‘qimachilik kombinati negizida tashkil etilgan yiliga 29 ming tonna ip ishlab chiqarish quvvatiga ega “Indorama Qo‘qon tekstil” qo‘shma korxonasi, Xorazm viloyatida “O‘zteks Grup” tomonidan “Svis Kapital” (Shveytsariya) kompaniyasi bilan hamkorlikda yiliga 12 ming tonna ip-kalava tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani, sobiq “O‘zbektekstilmash” ishlab chiqarish birlashmasi negizida tashkil etilgan “Riter O‘zbekiston” xorijiy korxonasi shular jumlasidan.
Bugungi kunda “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimida qariyb 290 korxona faoliyat yuritayotir. Shundan 156 korxona Janubiy Koreya, Hindiston, Singapur, Germaniya, Shveytsariya, Italiya, Yaponiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa mamlakatlar investorlari ishtirokida tashkil etilgan.
“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi oldidan umumiy qiymati 99 million dollarlik va 43,1 million dollarlik eksport salohiyatiga ega 18 yangi korxona ishga tushiriladi. Buning samarasida mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.
Joriy yil yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sur’ati 2014-yilga nisbatan 20 foiz, xalq iste’moli tovarlari esa 25 foizga o‘sishi kutilmoqda.